25-may kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev poytaxtda boʻlib oʻtgan “Besh tashabbus harakati” festivali doirasidagi yoshlar bilan uchrashuvda maktab oʻquvchilariga sentyabr oyidan joriy etilayotgan hokim stipendiyasi haqida maʼlum qildi.

— Stipendiya masalasi Xudo xohlasa hal boʻladi. Hokim stipendiyasi masalasi boʻyicha biz hozir maktab oʻquvchilariga bu yildan reja qildik. Har bir maktabdan 5 ta fan fizika, matematika, biologiya va kimyo hamda bu yil chet tilini qoʻshdik. Beshta oʻquvchiga hokim stipendiyasi boʻladi. Sentyabrdan boshlab har bitta oʻquvchiga oyiga 500 ming soʻmdan va uni tarbiyalagan oʻqituvchisiga 1 mln soʻmdan beriladi. 9 oy oʻqisa maktabda 5 mln soʻm har bir yaxshi oʻqigan, oʻzlashtirgan oʻquvchiga tegadi va 10 mln soʻm uni tarbiyalagan oʻqituvchisiga boʻladi», — dedi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev.

Poytaxt hokimi OTM talabalariga ham stipendiya joriy etish masalasiga toʻxtalib oʻtdi. Uning taʼkidlashicha, talabalarga ham stipendiya ajratilishining imkoni “ular orasidan yaxshilari yetishi chiqib, katta-katta soliqlarni toʻlaganlaridan soʻng” paydo boʻladi.

“Sekin-cekin boyisak [talabalar stipendiyasi] boʻladi, birdaniga hammasini qila olmaymiz. Bu yil maktabda joriy qildik, Xudo xoxlasa ishlarimiz yurishib, talabalarimiz ichidan yaxshilari yetishib, katta-katta korxonalarni qurib, ular katta-katta soliqlar toʻlagandan keyin hokim stipendiyalari paydo boʻladi. Talabalar zoʻr oʻqib, chet elga borib, u yerda ishlab, Oʻzbekistonga soliq toʻlamasa, qayerdan bizda [stipendiya] boʻladi toʻgʻrimi? Oʻzlaringiz katta boʻlasizlar, oʻzlaringiz korxonalar ochasizlar, oʻzingiz soliq toʻlaysizlar va oʻshandan imkoniyatlar yaratiladi”, — dedi Jahongir Ortiqxoʻjayev.