“RRTM” DUKning raqamli teledasturlarni shakllantirish qurilmalarida, teleradio uzatkichlarida, antenna-fider tizimlarida va sunʼiy yoʻldosh qabul qilish-uzatish qurilmalarida yarim yillik profilaktika ishlari joriy yilning 6-30-iyul kunlari oʻtkaziladi (jadval ilova qilinadi), deya xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati.
14-iyul kuni soat 01:00 dan 06:00 gacha (13-iyuldan 14-iyulga oʻtar kechasi) raqamli teledasturlarni shakllantirish qurilmalarida va soat 01:00 dan 10:00 gacha teleradio uzatkichlarda yarim yillik profilaktika oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu vaqtda Toshkent shahrida va respublika boʻyicha raqamli teledasturlarni (Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining teledasturlaridan tashqari) tarqatish vaqtincha toʻxtatiladi. Bunda Toshkent shahrida va bir qator viloyatlarda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining teledasturlarini tarqatish toʻxtatilmaydi, lekin ayrim sifat pasayishi holatlari kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ham 6-28-iyul kunlari soat 01:00 dan 10:00 gacha davlat, nodavlat, mahalliy va “Uzdigital TV” MCHJning tijorat telekanallarini uzatadigan raqamli teleuzatkichlarda jadval asosida yarim yillik profilaktika ishlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Toʻxtalishlar kuzatilgan vaqtda abonent uskunasi (tyuner va televizor) sozlamalarini oʻzgartirish tavsiya etilmaydi.