Byudjet buyurtmachilari tomonidan obyektlarni joriy taʼmirlash boʻyicha “dxarid.uz” maxsus axborot portaliga joylashtirilgan eʼlonlar joylarga chiqqan holda oʻrganilganda, quyidagilar aniqlandi:

Toshkent shahridagi 4 ta obyektda 3,7 mlrd. soʻmlik, shundan 2,8 mlrd. soʻmlik Obodonlashtirish boshqarmasi, 611 mln. soʻmlik oliy taʼlim, 200 mln. soʻmlik xalq taʼlimi tizimida joriy taʼmirlash va qurilish ishlari tanlov gʻoliblari aniqlanmasdan turib boshlab yuborilganligi yoki allaqachon tamomlanganligi aniqlandi.

Shuningdek, Jizzax viloyatidagi tanlov eʼloni tamomlanmagan 7 ta obyekt joyiga chiqib oʻrganilganida, xalq taʼlimidagi 4 ta obyektda 2.2 mlrd. soʻmlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari tanlov gʻoliblari aniqlanmasdan turib yakunlanganligi, sogʻliqni saqlash sohasidagi 2 ta obyektda 1,1 mlrd soʻmlik, shahar hokimligining 1 ta obyektida 386 mln. soʻmlik qurilish ishlari boshlanib, yakunlanish arafasida ekanligi maʼlum boʻldi.

Masalan, Jizzax shahar 1-sonli maktab binosining isitish tizimida 2020-yilda bajarib boʻlingan ish uchun davlat byudjeti hisobidan yangidan 815 mln. soʻmlik lot qoʻyilgani aniqlandi.

Qashqadaryo viloyatida tanlov eʼlon qilingan 3,8 mlrd. soʻmlik 10 ta (3,7 mlrd. soʻmlik obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli 9 ta va 100 mln. soʻmlik xalq taʼlim tizimiga qarashli 1 ta) obyekt joyiga chiqib oʻrganilganida, tanlov gʻoliblari aniqlanmasdan turib obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligidagi 6 ta obyektda 3 mlrd. soʻmlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari oldin yakunlanganligi, qolgan 4 ta obyektda qurilish ishlari olib borilayotganligi aniqlangan.

Agentlik xodimlari tomonidan oʻrganishlar doirasida, Buxoro viloyatida taʼlim tizimidagi muassasalarda olib borilayotgan joriy taʼmirlash ishlari oʻrganilganda, xalq taʼlimi tizimidagi 3 ta obyektda 304 mln. soʻmlik, maktabgacha taʼlim tizimidagi 1 ta obyektda 28 mln. soʻmlik jami 4 ta obyektda 332 mln. soʻmlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari tanlov gʻoliblari aniqlanmasdan turib, yakunlanganligi yoki taʼmirlash ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, Buxoro viloyati Oliy taʼlim tizimidagi 5 ta obyektda jami 20,0 mlrd. soʻmlik qurilish taʼmirlash bilan bogʻliq tender savdolarini oʻtkazish jarayonida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilganligi maʼlum boʻldi.

Masalan: Buxoro davlat universitetiga qarashli talabalar turar joyini kapital taʼmirlash boʻyicha 5, 6 mlrd soʻmlik, universitet oʻquv binosini kapital taʼmirlash boʻyicha 7, 0 mlrd soʻmlik, Harbiy taʼlim fakulteti oʻquv binosini mukammal taʼmirlash boʻyicha

6, 4 mlrd soʻmlik hamda agronomiya va biotexnologiya fakulteti oʻquv binosini joriy taʼmirlash boʻyicha 1, 3 mlrd soʻmlik eʼlonlar boʻyicha oʻtkazilgan tanlov-tender jarayonlari boʻyicha tender hujjatlari Loyihalar va import kontraktlar kompleks ekspertiza qilish markazi orqali ekspertizadan oʻtkazilmaganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, oʻrganishlar davomida Namangan viloyati xalq taʼlimi tizimidagi 15 ta obyekt koʻzdan kechirilganida, 3.3 mlrd. soʻmlik, sogʻliqni saqlash tizimidagi 7 ta obyektda 850 mln. soʻmlik taʼmirlash ishlari boʻyicha tanlov eʼlon qilingan boʻlsada, tanlov gʻoliblari aniqlanmasdan turib, taʼmirlash ishlari yakunlanganligi yoki davom etayotganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, Andijon viloyatidagi tender tanlovlari tugallanmagan 39 ta obyekt joyiga chiqib oʻrganilganida, Xalq taʼlimi tizimiga qarashli 21 ta obyektda 6 mlrd. soʻmlik, hududiy hokimlikka tegishli 11 ta obyektda 4,5 mlrd. soʻmlik, Maktabgacha taʼlimi tizimidagi 6 ta obyektda 1,8 mlrd. soʻmlik, Sogʻliqni saqlash tizimidagi 4 ta obyektda 1 mlrd. soʻmlik, Oliy taʼlim tizimidagi 3 ta obyektda 700 mln. soʻmlik qurilish ishlari boshlanib, yakunlanish arafasida ekanligi maʼlum boʻldi.

Masalan, Shahrixon tumanidagi – Obodonlashtirish boʻlimi binosini joriy taʼmirlash yuzasidan qiymati 1,1 mlrd. soʻmlik eʼlon berilgan va hujjatlarni taqdim qilishning oxirgi muddati 2021-yil 16-iyul qilib belgilangan.

Ammo, oʻrganish jarayonida boʻlim binosini joriy taʼmirlash uchun hech qanday ehtiyoj mavjud emasligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar doirasida, Fargʻona shahridagi Oʻrmon xoʻjaligi binosini mukammal taʼmirlash boʻyicha maxsus axborot portalida joylashtirilgan qiymati 421 mln. soʻmlik tanlov eʼloni tanlov gʻolibi aniqlanmasdan turib, binoda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirib kelinayotganligi maʼlum boʻldi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi 76 ta umumtaʼlim maktablarida jami 47,8 mlrd. soʻmlik, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida 14 ta tashkilotda jami 7,9 mlrd. soʻmlik, Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida 16 ta tashkilotda jami 7,9 mlrd. soʻmlik jami 63,6 mlrd. soʻmlik smeta xarajatlarida mablagʻ rejalashtirilmagan boʻlsada, amalda boʻlgan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunga zid ravishda “dxarid.uz” maxsus axborot portaliga eʼlonlar joylashtirilganligi aniqlandi.

Monitoring yakunlari boʻyicha byudjet buyurtmachilari tomonidan qonunchilikka zid ravishda 141,0 mlrd. soʻmlik 458 ta davlat xaridlarini amalga oshirilishi boʻyicha eʼlon qilingan tanlovni bekor qilish haqida vazirlik va idoralarga 372 ta taqdimnoma kiritish yoʻli bilan qonunbuzilishlarning oldi olinishi taʼminlandi.

111 ta obyektda esa 29,5 mlrd. soʻmlik qurilish va joriy taʼmirlash ishlari boʻyicha eʼlon qilingan tanlovlar yuzasidan gʻoliblar aniqlanmasdan turib, qonunchilik talablariga zid ravishda qurilish va joriy taʼmirlash ishlari boshlab yuborilganligi yoki yakunlanganligi maʼlum boʻldi.

Xozirda oʻrganishlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha toʻplangan hujjatlar mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida prokuratura organlariga yuborish choralari koʻrilmoqda.

Davlat xaridlari sohasida oʻtkazilgan yuqoridagi oʻrganishlar natijalariga oid toʻliq maʼlumotlar bilan Agentlikning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tanishishingiz mumkin boʻladi.

Ishchi guruhlar tomonidan Respublikaning boshqa hududlarida ham davlat xaridlarining amalga oshirilishi boʻyicha oʻrganish ishlari davom etmoqda.