Toshkent shahridagi “Askiya dehqon bozori” zamonaviy koʻrinishda quriladi

    Loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtiriladi.

    Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Askiya dehqon bozori toʻliq rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda 18-noyabr kuni tuman hokimligi tomonidan oʻtkazilgan uchrashuvda maʼlum qilindi.

    Xabarda aytilishicha, hokim Nilufar Allabergenova yigʻilishda “Askiya dehqon bozori”da joylashgan avtoturargoh hajmi kichikligi, bozor ochiq hududda joylashgani bois noqulay ob-havoda fuqarolarga noqulaylik kelib chiqayotgani, tadbirkor va aholiga qulayliklar yetarli emasligi haqida gapirgan.

    Bugungi kunda eskirib qolgan bozorni zamonaviy koʻrinishga qayta qurish boʻyicha muzokaralar olib borilyapti. Bozor hududini “E-auksion” platformasi orqali investorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda.

    Uchrashuv davomida tuman hokimi sotib olish taklifi bilan chiqqan investorga Toshkent shahar hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Munisipial aktivlarni boshqarish markazi bilan kelishilgan holda:

    • eng kamida umumiy maydoni 3 000 kv.metr hududidagi “ekobozor”;
    • eng kamida umumiy maydoni 1 200 kv.metr hududidagi “sovutgich omborxona”;
    • er osti avtoturargohining birinchi qavatini (eng kamida 400 dona avtoturargohni) Jamiyatga begʻaraz oʻtkazib berish boʻyicha talablar qoʻyilishi haqida toʻxtalib oʻtdi.

    Loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtiriladi.

    Yangi bozor yonida Jahon standartlariga mos ravishda quriladigan 4 yulduzli mehmonxona ish faoliyatini boshlaydi.

    Loyiha yirik savdo kompleksini oʻz ichiga olib, unga ham jahon standartlari asosida yulduz olinadi.

    Bozor qayta taʼmirlanishi ortidan quyidagi natijalarga erishish koʻzda tutilmoqda:

    • loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtiriladi;
    • yangi bozor yonida jahon standartlariga mos ravishda quriladigan 4 yulduzli mehmonxona ish boshlaydi;
    • loyiha yirik savdo kompleksini oʻz ichiga olib, unga ham jahon standartlari asosida yulduz olinadi;
    • loyiha toʻliq quvvatda ishga tushirilishi natijasida esa mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    Bundan tashqari, hududda zamonaviy oʻrindiqlar, velosipedlar uchun joy, Wi-Fi tarqatuvchi hududlar, eskalator, imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus panduslar, hojatxonalar tashkil etiladi. Yangi quriladigan ekobozorni xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradigan bozorga aylantirish rejalashtirilgan.

    Hokimlikning qoʻshimcha qilishicha, obyektda qurilish ishlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bozori faoliyatiga taʼsir oʻtkazmagan holda, yaʼni ushbu bozor faoliyatini toʻliq saqlagan holda amalga oshiriladi. Ekobozor qurilishi yakunlangandan soʻng qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bozori ushbu bozor hududiga bosqichma-bosqich koʻchiriladi.