O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “O'zbekistonda kasb-hunarga o'qitish imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida Toshkent shahrida tashkil etilgan Kasb-hunarga o'qitish markaziga o'quvchilar qabul qilinadi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Markazda ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o'qitish (qayta tayyorlash) quyidagi kasblar bo'yicha bepul amalga oshiriladi:
- avtomobillarni ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko'rsatish (avtochilangarlar, motorchilar, avtomobillar diagnostikasi bo'yicha mutaxassislar);
- mashinasozlik ishlab chiqarish texnologiyasi (tokarlar, frezerchilar, payvandchilar, chilangarlar va metallarga ishlov berish mutaxassislari);
- elektrotexnika, elektronika va avtomatlashtirish (Bino inshootlarini elektromontaj qilish, elektron va maishiy texnikani, radio va teleapparaturani ta'mirlash va ularga servis xizmati ko'rsatish mutaxassislari);
- axborot texnologiyalari (Nashriyot va grafik dasturlar, loyihalash va dizayn dasturlari, Office dasturlari, kompyuterlar va boshqa tashkiliy texnikaga xizmat ko'rsatish va ularni ta'mirlash bo'yicha mutaxassislar).
Markazda kasb-hunarga o'qish muddati 8 oy bo'lib, shundan Markazda o'qish — 6 oy, korxonalarda ishlab chiqarish amaliyoti — 2 oy. Markazda o'qiyotgan talabalar uchun 6 oy mobaynida Bandlikka ko'maklashish markazlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq stipendiya beriladi.
Kasb-hunarga o'qitish markaziga hujjatlar tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markazining yo'llanmasi asosida qabul qilinadi.
Toshkent shaxridagi Kasb-hunarga o'qitish markazining bitiruvchilariga egallagan kasbi (mutaxassisligi) bo'yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi davlat namunasidagi diplom beriladi.
Talab qilinadigan hujjatlar: ariza, pasport (asli va nusxasi), ishga joylashtirishni kafolatlovchi uch tomonlama (ish beruvchi, tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markazi, jismoniy shaxs) shartnoma nusxasi, tuman (shahar) Bandlikka ko'maklashish markazi tomonidan berilgan yo'llanma, 3,5 x 4,5 sm o'lchamdagi 4 dona rangli fotosurat.
Hujjatlar 2021-yil 15-iyuldan 31-avgustgacha qabul qilinadi.
Manzil: Toshkent shahar, Sergeli tumani, Sergeli-8 a mavzesi.
Murojaat uchun tel: (+99871) 251-19-03, (+99833)123-98-75
Telegram bot: @vtctqabul_bot.