Toshkent shahriga kirish postlari yaqinida yuk mashinalari uchun toʻxtash joylari quriladi

    Toshkent shahriga kirishdagi “Erkin”, “Sharq”, “Bektemir”, “Uch qahramon” va “Turbanov” nomli beshta yoʻl-patrul xizmati maskanlari yaqinida avtoturargoh quriladi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahri va unga tutash hududlarga keladigan yuk avtomobillari uchun avtovokzallar va toʻxtash joylari qurish loyihasi taqdim etildi, deya xabar beradi “Oʻzbekiston 24” telekanalining “Menimcha” koʻrsatuvi lavhasida.

    Qayd etilishicha, avtoturargohlarda loyiha boʻyicha yuk mashina haydovchilari uchun kemping, avtovokzal va dam olish zonalari qurish koʻzda tutilmoqda.

    Taqdimotga koʻra, baʼzi obyektlar uchun 7,7 gektar, 4,25 gektar va 8 gektarlik yer maydonlari ajratiladi. Eng gavjum post Sergeli tumanidagi “Erkin” posti hisoblanadi, u orqali kuniga 40–50 ming avtomobil kirib-chiqadi.

    Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpoʻlatov poytaxtda yuk mashinalari harakati tigʻiz vaqtlarda cheklanishini maʼlum qildi.

    «Toshkentda tigʻiz paytlarda yuk mashinalari harakatini cheklashga ruxsat bergansiz. Ertalab cheklovlar kiritamiz. Avtobuslardan tashqari, yuk mashinalari uchun kempinglar qurmoqchimiz. Masalan, Samarqanddan chiqqan yuk mashinasi, soat 8:00 da kelib qolsa, oʻsha toʻxtash joyida 3 soat kutib, keyin shaharga kirishi mumkin boʻladi. Shunda tigʻiz vaqtlarda bemalol [harakatni] cheklashimiz mumkin. Qolgan vaqtda yuk mashinalari bemalol harakatlana oladi», – dedi u .