Shu yilning 28-yanvar kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi yigʻilishida Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov masalasi koʻrib chiqildi, deb yozadi Musulmonlar idorasi matbuot xizmati. Yigʻilishda imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab boʻlgan arab tili kursidagi xatti-harakatlari muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, imom-xatibning mazkur holati imomlik maqomiga mutlaqo toʻgʻri kelmasligiga alohida urgʻu qaratildi. Ayniqsa, ichki meʼyoriy hujjatlarda belgilangan “fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilish”, va “oʻzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʻrish” degan bandlarning A.Bahromov tomonidan qoʻpol ravishda buzilishi deb baholandi. Shuningdek, A.Bahromov arab tili oʻquv kurslarida dars berishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagani ham alohida qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamiyatda oʻzini tutishi, odamlar bilan munosabatda namuna koʻrsatishi, imomlik maqomiga munosib boʻlishi borasida muntazam tushuntirish ishlarini olib boradi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yoʻnaltirilgan normativ hujjatlarda ham imom-xatib tasdiqlangan meʼyoriy hujjatlarga amal qilishi va mehnat majburiyatlariga rioya etishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan edi.
Afsuski, Avazxoʻja Bahromov mazkur xatti-harakati bilan meʼyoriy hujjatlar talablarini qoʻpol ravishda buzib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining mazkur yoʻnalishdagi buyruqlari, ichki tartib qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga rioya etmagani maʼlum boʻldi.
Ichki nazorat komissiyasi Toshkent viloyati Toshkent tumani “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromovni egallab turgan lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida xulosa qildi. Shuningdek, bunday shaxslarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimida oʻrin yoʻqligi alohida taʼkidlandi.
Ayni kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Avazxoʻja Bahromovning mazkur xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib borayotganini maʼlum qilamiz.