Asosiy maqsad o‘zaro tajriba almashish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, shaharsozlik, arxitektura, obodonlashtirish, jamoat transporti tizimini o‘rganish, shuningdek, Qozondagi ijtimoiy va infratuzilma ob'ektlari bilan tanishishdan iborat.
Toshkent viloyati hokimi D.Hidoyatov O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Qozon meri Ilsur Metshin bilan uchrashdi. O‘zaro muloqot davomida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek, 2021-2022-yillarda shaharsozlik sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi. O‘zaro do‘stona muloqotlar davomida viloyat hokimi Tatariston Prezidentining taklifiga binoan Qozon shahridagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga ixtisoslashtirilgan «ETERNITY» IT maktabi faoliyati va u yerdagi o‘qitish tizimi bilan yaqindan tanishdi. Xozirgi kunda bu kabi maktablar raqamli iqtisodiyot uchun salohiyatli kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan.
Mutaxassislar tomonidan ushbu loyihalarni Toshkent viloyatida tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tashrif davomida viloyat hokimligi vakillari Qozon Federal Universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida ijtimoiy fanlar, iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtini Toshkent viloyatida ochish, o‘quv jarayonlariga tataristonlik professor-o‘qituvchilarni ham jalb qilish haqida kelishildi.
Shundan so‘ng delegatsiya a'zolari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan Texnopolisda bo‘lishdi. O‘zaro muzokaralar davomida turli kompaniyalarni jalb etgan holda Toshkent viloyatida ham mana shunday Texnopolis tashkil etish ishlarini jadallashtirish masalasi muhokama etildi.
Bunda asosiy e’tibor import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar, xususan, kimyoviy, nefteximiya mahsulotlari hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishga qaratiladi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.