Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 14 yoshli qiz oʻz ehtiyotsizligi oqibatida yashash xonadonidagi chuqurligi 9 metr boʻlgan quduqqa tushib ketgan.

Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar boʻlimiga bugun, 20-iyun kuni soat 07:15 da xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan, zudlik bilan FVV qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borib, maxsus qutqaruv anjomlari yordamida qizni quduq ichidan olib chiqqan va tez-tibbiy yordam xodimlariga topshirgan.

Shundan soʻng turli darajada tan jarohati olgan qizga malakali tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markaziga yotkazilgan va hozirda shifokorlar nazoratida.

Qizning umumiy ahvoli yaxshi.