19-iyun kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi Bekobod shahar boʻlimi boshligʻi, davlat inspektori Muhammadjon Fozilov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida pichoqlandi.
Inspektorga tibbiy yordam koʻrsatildi. Bemor operatsiya qilinib, jonlantirish boʻlimiga oʻtkazilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyat IIBB axborot xizmatining maʼlum qilishicha, gumondor protsessual tartibda ushlangan.
Qayd etilishicha, holatga shaxslarning oʻzaro kelishmovchiliklari sabab boʻlib, janjal vaqtida fuqaro oʻzi bilan olib kelgan oshxona pichogʻi bilan tanishi (M.F.)ga qasddan tan jarohati yetkazgan.
Bekobod shahar Ekologiya boʻlimi boshligʻi 1987-y.t. M.F. ga nisbatan tan jarohati yetkazilgani yuzasidan 19-iyun kuni Bekobod tumani IIB Tergov boʻlimi tomonidan JKning 104-moddasi 2-qismi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) “l” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.