Toshkent viloyati hokimi huzurida mas'ul kompleks rahbarlarining qurilish, qishloq xo'jaligi, investitsiya, turizm, iqtisod sohasida 2022-yilda yangi ish o'rinlarini yaratish bo'yicha taqdimotlari ko'rib chiqildi. Bu haqida viloyat hokimligi rasmiy manbalarida xabar berildi.
Viloyat bo'yicha bugungi kunda jami bo'sh ish o'rinlari soni 39 mingdan ortmoqda. Ya'ni, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko'maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, bitiruvchilar bandligini ta'minlash, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida viloyatda bir qator ishlar qilinmoqda.
Jumladan, 2022-yilda moliya-iqtisod, tadbirkorlik va kambag'allikni qisqartirish yo'nalishida 146 ming 791 ta yangi ish o'rinlarini yaratish va aholi bandligini ta'minlash rejalashtirilgan.
Xususan, investitsiya sohasida joriy yilda 464 ta, umumiy qiymati 17,7 trln. so'mlik loyihalar amalga oshirilishi natijasida 20 mingga yaqin ish o'rinlari yaratish bo'yicha sa'y-harakatlar olib borilmoqda.
Qishloq xo'jaligi sohasi tahlil qilinganida, jami 229 mingdan ortiq ish o'rinlari yaratish ko'zda tutildi. Birgina takroriy ekin uchun ajratilgan yer maydonlarida 20 foizga yaqin aholining bandligi ta'minlanadi. Turizm majmuasida esa 13 yarim mingta ish o'rni yaratilishi sarhisob qilindi.
Zoyir Mirzayev mazkur loyihalar bo'yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan ishlar, eng birinchi qadamlar nimalardan iborat bo'lishi lozimligi yuzasidan o'z fikr va mulohazalarini bayon etdi va mutasaddilarga zarur ko'rsatmalar berdi.