Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyoʻl tuman boʻlimi tomonidan va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Ushbu tadbir davomida fuqaro I.A. va Kadastrlar palatasi Yangiyoʻl tumani filiali muhandisi Sh.X. “U.Yu.” agrofirmasiga qarashli 32 sotix yer maydonini fuqaro Sh.ga firibgarlik yoʻli bilan 29 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 10 400 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departament, DXX va IIVning Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Ulugʻnor tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari kengashi hisobchisi D.Sh. fuqaro Sh.ning opasi M.ning nomiga tashqil qilingan “Yoshlar bogʻi” hududidan 3,5 gektar yer maydonini dehqonchilik qilish uchun ajratib berish evaziga 4 mln soʻm pulini olib, keyinchalik ushbu yer maydonini onlayn-auksion orqali yutib olib berish va kadastr xujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.