Unda viloyat hokimi Davron Hidoyatov Koreya Respublikasi Hwashin Cyber universitetining MDH davlatlari boʻyicha bosh mutaxassisi Kim, Sunggi bilan muloqot olib bordi.
Uchrashuvda “Hwashin Cyber Univercity” taʼlim muassasasining 10 million dollarga teng boʻlgan investitsiya mablagʻlari hisobiga Toshkent viloyatida Koreya Respublikasi universitetining filialini yoʻlga qoʻyish taklifi muhokama etildi.
Suhbat davomida mazkur loyihaning imkoniyatlari va ikki taraflama manfaatli jihatlari haqida toʻxtalib oʻtildi.
Taʼkidlanishicha, taʼlim dargohida sport zal, madaniyat saroyi, kutubxona binolarini qurish, taʼlim klasterini tashkil etish, buning uchun universitet qoshida maktabgacha taʼlim muassasasi, umumtaʼlim maktab binosi, 600 oʻrinli talabalar turar joylarini barpo etish, taʼlim jarayonini tashkil etishda mutaxassislik fanlaridan darslarga malakali xorijiy professor-oʻqituvchilarni jalb etish lozimligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, universitetda tahsil olayotgan talabalarga oʻz yoʻnalishlarida oʻquv mashgʻulotlarini Koreya Respublikasi Hwashin Cyber universitetida davom ettirib, tegishli tartibda ushbu universitet diplomini olish imkoniyatini yaratib berish tartiblarini joriy etish imkoniyatlari ham muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik yuzasidan memorandum imzolashga kelishib olindi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.