Maʼlum qilinishicha, joriy yil 5-mart kuni bir necha voyaga yetmagan shaxslar oʻrtasida ogʻzaki janjal kelib chiqqan. Janjal vaqtida ulardan biri oshxona pichogʻi bilan jabrlanuvchining oʻng va chap koʻkrak qismiga jarohat yetkazgan.

Jabrlanuvchi shifoxonaga olib borilgan, biroq koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Pichoq bilan jarohat yetkazganlikda gumon qilingan voyaga yetmagan shaxs ushlangan.

Bosh prokuratura maʼlumotiga koʻra, ushbu jinoyat ishi doirasida jami 5 nafar voyaga yetmagan gumonlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.