Toshkent viloyatida ota-oʻgʻil is gazidan vafot etdi

    Toshkent viloyatining Bekobod tumanida ota va uning oʻgʻli is gazidan vafot etdi.

    Shu yilning 17-oktyabr kuni soat 22:00 larda “Mustaqillik” MFYda yashagan fuqaro D.T. oʻz uyida turmush oʻrtogʻi R.T. va voyaga yetmagan farzandi F.I. bilan birga shu uyning yotoqxonasida uxlashga yotgan.

    Ertasi kuni soat 8:00 larda fuqaro E.B. (marhumning amakisi) ularning yotoqxonaga kirgan vaqtida xona is gazidan hidlanib ketgani, jiyani D.T. va nevarasi vafot etgani, kelini R.T esa karaxt holatda ekanini maʼlum qilgan.

    Bekobod tumanlararo sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga koʻra, marhum D.T. va F.I.ning oʻlimi is gazidan oʻtkir zaharlanish oqibatida sodir boʻlgan.

    Tuman tibbiyot birlashmasi bemor R.T. nomaʼlum etiologiya gazidan oʻtkir zaharlanish tashxisi bilan davolanganini maʼlum qilgan.

    Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.