Toshkent viloyatida o'tgan 6 oy davomida 8 ming 493 ta qonunbuzilish holati aniqlandi

    Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan vakolatli tashkilot va korxonalarning davlat xizmatlarini ko'rsatish sohasidagi faoliyati o'rganilganda, ayrim tashkilotlar faoliyatida tizimli muammolar va qonunbuzilishlar aniqlandi.

    Xususan, joriy yilning o'tgan olti oyida xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlarda 42 marotaba o'rganish, jumladan, 14 tasi murojaatlar asosida va 33 marotaba monitoring tadbirlari o'tkazildi.

    Unda vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatlari ko'rsatilishida 8 mingdan ortiq qonunbuzilishi holatlari aniqlandi. Bularning 5 ming 137 tasida muddat buzilgan bo'lsa, 52 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilgan. Shuningdek, 2 ta holatda ortiqcha hujjat talab etilib, 6 ta holatda esa to'g'ridan to'g'ri xizmat ko'rsatilgan. 3 ming 293 ta davlat xizmatlari ko'rsatilishiga oid boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlanib, mas'ul shaxslarga nisbatan ta'sir choralari qo'llanilgan.

    Qonunbuzilish holatlari idoralar kesimida tahlil qilinganda hokimliklar tomonidan 3 153 ta, gaz ta'minoti hududiy filiali tomonidan 1 299 ta, yer resurslari va kadastr xizmati tomonidan 760 ta qonunbuzilishi holati aniqlangan.

    Shuningdek, 373 ta holatda qurilish bo'limi, 101 ta sog'liqni saqlash sohasida, 84 tasida soliq organlari tizimida, 69 ta holatda elektr ta'minoti korxonasida, 2 083 tasida esa boshqa xizmat ko'rsatuvchi idoralar tomonidan qonunbuzilish holatlari qayd etildi.

    Boshqarma tomonidan vakolatli idoralarga 436 ta ogohnoma, 46 ta taqdimnoma kiritildi. 71 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, 1 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 94 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy jazo choralari qo'llanildi.

    Toshkent viloyati adliya boshqarmasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko'rsatishda ayrim qonunbuzilishi holatlariga yo'l qo'yilayotgani aniqlanib, ular yuzasidan tegishli ta'sir choralari ko'rilmoqda.

    Abbos Ahmedov,

    Davlat xizmatlari ko'rsatilishi

    ustidan nazorat qilish

    bo'limi boshlig'i