Transport vaziri Ilhom Mahkamovning soʻzlariga koʻra, yangi aeroport amaldagi Toshkent xalqaro aeroportidan 17 kilometr janubda, Toshkent–Samarqand yoʻnalishidagi mavjud avtomobil yoʻli va yaqin kelajakda barpo etiladigan pullik avtomagistralga yaqin hududda joylashadi.

“Yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tanlangan yer uchastkasi poytaxtdan janubda, hozirgi aeroportdan 17 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu hudud mavjud Toshkent–Samarqand yoʻnalishi boʻylab, kelgusida qurilishi rejalashtirilgan pullik avtomagistralga yaqin joylashuvi bilan ham qulay hisoblanadi”, — dedi Ilhom Mahkamov.

— Hozirgi Toshkent xalqaro aeroporti yiliga 11 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi. Ammo hozirgi iqtisodiy oʻsish, turizm oqimi va ishbilarmonlik yoʻnalishining rivojlanishi natijasida mavjud aeroport bunday suratdagi oʻsishga ulgurmayapti, — deydi “Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbari Javlonbek Umarxoʻjayev, — Birinchidan, aeroport atrofidagi maydon va yoʻllar tigʻiz vaqtlarda koʻp mashinalarni qabul qilishga mos emas. Yoʻllarning oʻtkazuvchanlik quvvati past va avtoturargohlarda avtomashinalar uchun joy yetishmaydi.

Ikkinchidan, terminal binosi 2030-yilgacha kengaytirilgan taqdirda ham, xizmat koʻrsatish quvvati koʻpi bilan 15 million yoʻlovchiga yetadi.

Uchinchidan, uchish-qoʻnish yoʻlaklari ikkita boʻlsa-da, ulardan bir vaqtning oʻzida samarali foydalanish imkoni yoʻq.

Toʻrtinchidan, Toshkent xalqaro aeroporti shahar markaziga yaqin joylashgani bois, havo trayektoriyasidagi manyovr qilish imkoniyati 50 foizga cheklangan.

Shu toʻrt omil hisobga olinganda, 2030-yilga kelib Toshkent xalqaro aeroporti oʻzining butun resurs salohiyatini toʻliq ishlatib boʻladi. Demak, yangi aeroportni ayni oʻsha paytda faoliyatga tushirish katta ahamiyat kasb etadi.

Yangi xalqaro aeroportning texnik parametrlariga kelsak, uning birinchi bosqichi yiliga 20 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Bir vaqtning oʻzida 169 ta samolyotni qabul qilish quvvatiga ega boʻladi. Bir soatda 40 tagacha parvozga xizmat koʻrsatish rejalashtirilgan.

Terminalning dastlabki bosqichida 14 ta samolyot koʻprigi (jet bridge) oʻrnatiladi, keyinchalik bu koʻrsatkich 45 taga yetkaziladi, — dedi “Uzbekistan Airports” kompaniyasi rahbari.