Toshkent viloyatidagi bir qator vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati tugatildi

    Toshkent viloyatining Chinoz, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati tugatildi.

    Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) ning matbuot kotibi maʼlum qildi.

    Ombudsmanning maʼlum qilishicha, 2025-yilning iyun oyida Quyichirchiq va Chinoz tumanlari IIB vaqtincha saqlash hibsxonalariga monitoring tashriflari oʻtkazilib, qator kamchiliklar aniqlangan.

    Xabarda aytilishicha, Quyichirchiq tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga ventilyatsiya tizimi va radioeshittirish qurilmasi oʻrnatildi.

    Kameralar kerakli anjomlar bilan jihozlandi. Sayr qilish hovlisi va sanitariya tarmoqlari (hojatxona, yuvinish joyi)da taʼmirlash ishlari olib borilib, gigiyena talablariga muvofiqlashtirildi.

    Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirining 2025-yil 21-iyuldagi tegishli buyrugʻi bilan shaxslarni saqlashning sanitariya-gigiyena qoidalari talablariga zid boʻlgan Chinoz, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati tugatildi.