Toshkent viloyatining Parkent tumanida ham shahar bilan bog'lovchi avtobus qatnovi yo'lga qo'yildi

    Hududning bir nechta qismida uzoq yillar davomida to'xtab qolgan avtobus yo'nalishlari faoliyati qayta tiklandi.

    15-aprel kuni erta tongdan Toshkent viloyatining Parkent tumani “Krasnogorsk-Qiziltog'” shaharchasi aholisiga qulay va sifatli transport xizmatlari ko'satishni tashkil etish uchun qator yo'nalishlarda avtobus qatnovlari yo'lga qo'yildi.

    Xususan, “Krasnogorsk – So'qoq – Changi – Parkent”, “Krasnogorsk – Yangibozor – Toshkent” hamda “Krasnogorsk – Yangibozor – Nurafshon” shahriga qatnaydigan, uzoq yillar davomida to'xtab qolgan avtobus yo'nalishlari faoliyati qayta tiklandi.

    Transport vazirligi Toshkent viloyati Transport boshqarmasi tomonidan VH-405-sonli “Qiziltog' qishlog'i — Parkent ASHB” shahar atrofi avtobus yo'nalishi 3 ta harakat jadvallari bilan VH-390-sonli “Nevich mahallasi – Rohat – Qo'yliq 5-metro bekati (Qiziltog' qishlog'i orqali)” shahar atrofi avtobus yo'nalishi 7 ta harakat jadvallari bilan hamda VH-416-sonli “Qiziltog' qishlog'i – Nurafshon ASHB” shahar atrofi avtobus yo'nalishi 1 ta harakat jadvali bilan tashkil etildi.

    Ushbu yo'nalishlarda faoliyat olib borish vazifasi “Krasnogorsk Avto Xizmat” MCHJga yuklatildi. Hozirda yo'lovchi tashish faoliyati bilan shug'ullanayotgan tadbirkor tomonidan har bir yo'nalishga 4 tadan transport ajratildi. Keyinchalik yo'lovchi oqimini hisobga olgan holda avtobuslar soni ko'paytirilishi rejalashtirilgan.

    Ushbu yo'nalishlarda qatnovlarning yo'lga qo'yilishi natijasida yurtdoshlarimiz uchun turizm qishlog'i bo'lgan Krasnogorsk (Qiziltog')ga Toshkent shahri Qo'yliq mavzesidan, Toshkent viloyatining ma'muriy markazi Nurafshon shahridan hamda Parkent tuman markazidan to'g'ridan-to'g'ri avtobuslarda yetib olish imkoniyati yaratildi.