5-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zalida ilk bor milliy musiqalar yangradi. “Maqom” oʻzbek milliy sanʼat markazi hamkorligida tashkil etilgan konsertda poytaxtimiz aeroporti yoʻlovchilariga chuqur mazmunga ega, milliy madaniyatni oʻzida mujassam etgan noyob va mukammal musiqa janri taqdim etildi.
Konsertdan koʻzlangan maqsad milliy va mumtoz musiqa madaniyatimizni keng jahonga tarannum etish. Ansambl “Munojot”, “Soʻz demay”, “Boʻlmagʻay”, “Boʻylaringga”, “Shoʻx yallalar”, “Shahloga tushdi”, “Mavrigi”, “Oʻxshaydi” kabi mumtoz asarlarni ijro etdi. Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston xalq va xizmat koʻrsatgan artistlar Isroiljon Vahobov, Abdunabi Ibrohimov, Matlyuba Dadaboyeva, Ahmadjon Dadayev, Gulbahor Erqulova, Nuriddin Aminjonov oʻz chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
«Bu biz uchun juda qiziqarli tajriba. Biz simfonik va raqs flesh-moblarini oʻtkazdik, bugun aeroportda yoʻlovchilar ilk bor oʻzbek milliy mumtoz musiqasi ostida raqs tushdilar. Maqom bizning buyuk merosimiz boʻlib, YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida eʼtirof etilgan. Bugun esa nafaqat oʻzbekistonliklar, balki yurtimiz mehmonlari ham bu ajoyib musiqani tinglash imkoniyatiga ega boʻldi. Yoʻlovchilar va kuzatuvchilarda ushbu konsert katta taassurot qoldirdi», — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, ertaga, 6-dekabr kuni poytaxt aeroportida “Maqom” milliy musiqa ansambli ishtirokida navbatdagi konsert dasturi boʻlib oʻtadi.
Dasturda milliy sanʼat markazining yosh ijodkorlari hamda markazning Toshkent viloyati hududiy boʻlinmasidan ijrochilar ishtirok etadi.