Bu haqda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.

Qayd etilishicha shu yilning 17-oktyabr kuni IBK Kontrabandaga qarshi kurashish shuʼbasi xodimlari tomonidan “Toshkent” xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda oldindan tezkor kuzatuvga olingan fuqaroning xatti-harakatlari yaqindan oʻrganildi.

Natijada Kontrabandaga karshi kurashish tezkor xodimlari tomonidan xalqaro aeroportning yoʻlovchilarni kutib olish joyida Abu-Dabidan uchib kelgan bir nechta yoʻlovchilar tomonidan bojsiz olib kirish normasi doirasida olib kirilgan jami 13 dona “Iphone 16 Pro Max 256GB” rusumli uyali aloqa vositalarini yigʻib olib, aeroport hududini tark etayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

Telefonlarning umumiy taxminiy qiymati 235 mln soʻmni tashkil qilmoqda.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.