Unda tadbirga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha choralarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi. Tegishli vazirliklar, idoralar, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berishdi hamda tadbirning turli yoʻnalishlardagi tashkiliy va mazmuniga doir masalalarni hal qilishning joriy holati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim qilishdi.

Mamlakatning xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatidagi imidjini mustahkamlash, uning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish, hamkor davlatlar bilan investitsiyaviy munosabatlarni kengaytirish, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish nuqtayi nazaridan tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilish davomida hal etilishi tegishli vazirlik va idoralarning tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarini talab qiluvchi qator masalalar koʻtarildi. Tegishli chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish algoritmlari ishlab chiqilib, masʼul rahbarlarga manzilli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, TIF tadbirlarining biznes dasturi koʻrib chiqildi va uning doirasida imzolanadigan aniq investitsiyaviy va savdo bitimlari roʻyxatlarini shakllantirishni nazarda tutgan holda, forumni amaliy mazmun bilan boytish choralari muhokama qilindi. Tadbirning hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan loyiha va dasturlar yuzasidan qatʼiy kelishuvlarga erishish, tarmoqlar va hududlarning investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyatini namoyish etish, shuningdek, xorijiy mamlakatlar ishbilarmon doiralarini Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytirishga jalb qilishning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilishning yagona platformasi sifatida muhimligi qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida koʻzda tutilgan barcha sanitariya-epidemiologiya tadbirlariga rioya qilish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlarga tadbirning tashkiliy va mazmuniga doir masalalarini hal etish boʻyicha manzilli koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.