“Ipak yoʻli durdonasi” kinofestivali ishtirokchilari mamlakatimiz rahbariga ushbu afsonaviy kinovestivalni qayta tiklangani uchun oʻz minnatdorchiligini bildirishdi.

“Qariyb chorak asrlik tanaffusdan soʻng, sizning tashabbusingiz bilan qayta tiklangan ”Ipak yoʻli durdonasi“ XIII xalqaro kinofestivali ellikka yaqin mamlakat kinoijodkorlarini jamladi. Hafta davomida Oʻzbekiston ekranlarida jahon kinematografiyasining soʻnggi yillarda suratga olingan eng sara asarlari namoyish etildi, sohadagi oʻzgarishlar haqida fikr almashildi, yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi. Festival tufayli dunyoni qamrab olgan pandemiya sababli bir-birini uzoq vaqtdan beri koʻrmagan insonlar yana uchrashishdi, uzoq kutilgan doʻstona uchrashuvlar va yangi tanishuvlar boʻlib oʻtdi. Shuningdek, ushbu kinofestival Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari Toshkent xalqaro kinofestivalining barcha anʼanalarini oʻzida mujassam etganini va xalqaro talablar va standartlar asosida yuqori saviyada oʻtkazilganini mamnuniyat bilan qayd etmoqchimiz”, - deyiladi murojaatda.

Ishtirokchilar, Oʻzbekistonda amalga oshirilgan keng koʻlamli oʻzgarishlar va islohotlarni qayd etdilar.

"Oʻzbekiston viloyatlariga sayohat davomida shaharlar qiyofasi va mamlakatingiz qanday darajada oʻzgarganini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Biz oʻzbek xalqining mehmondoʻstligiga, samimiyligiga yana bir bor guvoh boʻldik. Ayniqsa, yoshlar va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun Siz yaratgan sharoitlar bizda katta taassurot qoldirdi.

Biz, soha vakillari sifatida, kino sanoati va kinematografiyani qoʻllab-quvvatlayotganingiz, jumladan, yaqinda 100-yilligini qarshi oladigan “Oʻzbekfilm” studiyasining qayta tiklanishi, texnik jihozlanishi, Butunrossiya davlat instituti filialining ochilishi, Kino fondining qayta tiklanishi va oʻzbek filmlarining etalon nusxalarini qaytarilganligi uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

“Ayniqsa, Oʻzbekistonda boshqa davlatlar bilan hamkorlikda kino ishlab chiqarishnining yaxshi anʼanalari qayta tiklanganini, jumladan, boʻlib oʻtgan kinoforumning oʻzida 10 dan ortiq muhim hujjatlar imzolanganini alohida taʼkidlab oʻtish lozim, erishilgan kelishuvlar kinematografiya sohasidagi xalqaro hamkorlikka yangi turtki beradi”, - deyiladi murojaatda.

Xulosa qilib aytganda, kinofestival ishtirokchilari Oʻzbekiston kino sanoati dunyodagi eng rivojlangan tarmoqlardan biriga aylanishi uchun barcha saʼy -harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Taʼkidlash joizki, Prezidentga murojaat “Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali delegatsiyalari ishtirokidagi forumida bir ovozdan qabul qilindi.