Forumda O'zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov AKT yo'nalishida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va istiqboldagi vazifalar to'g'risida so'zladi.
Ta'kidlanganidek, bugun axborot-kommunikasiya va raqamli texnologiyalar iqtisodiyotning barcha tarmog'iga va hayotimizning barcha jabhasiga kirib kelmoqda. Shu bois, hozir IT — mehnat bozoridagi eng istiqbolli va raqobatbardosh kasblardan biri. Raqamlashtirish jarayoni mehnat bozorini tubdan o'zgartiryapti: inson ishtiroki kamayib, qator kasblar yo'qolib ketmoqda. Shuning uchun ham IT ko'nikmalarini o'zlashtirish va xorijiy tillarni bilish hozirgi kun talabiga aylanmoqda.
Vazir AKT sohasida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga alohida e'tibor qaratdi. IT mutaxassisliklarini o'zlashtirishni xohlayotgan yoshlar qator afzalliklarga ega bo'ladi. Yuqori maosh, qiziqarli loyihalarni amalga oshirish, mehnat qilish uchun qulay sharoit, masofadan turib ishlash imkoniyati shular jumlasidan.
IT mahsulot va xizmatlarni eksport qilish ham sohaning muhim afzalliklaridan biri. Shu ma'noda, istiqbolli IT yo'nalishi sifatida BPo (biznes jarayonlarni autsorsing qilish)ni rivojlantirish ham dolzarb ahamiyatga ega.
— Agar ilgari abiturient oliy o'quv yurtidagi IT yo'nalishni tanlasa, bu hech kimga kerak bo'lmasligiga ishora edi. Bugun esa, soha hayotimizning barcha jabhasida kerakligiga hech kim shubha qilmaydi. Pandemiya buni isbotladi, — dedi Sherzod Shermatov. — Bugun IT mutaxassislarining ish haqi etarlicha raqobatbardosh: oyiga 4 ming dollargacha ishlab topish mumkin. Hozir mamlakatimizdagi turli IT kompaniyalarda 440 ta bo'sh ish o'rni mavjud.
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov “Toshkent yoshlar forumi – 2021” doirasidagi uchrashuvda oliy ta'lim muassasalaridagi o'quv fanlarini qisqartirish haqida so'z yuritdi.
— Hozir vazirligimiz oldidagi vazifalardan biri semestrdagi fanlarni qisqartirish, — dedi A. Toshqulov. — Talaba bir semestrda, boringki, 5-6 ta fan o'qisin, ammo mukammal o'zlashtirsin. Bu — dunyo tajribasi. Ikkinchi bosqichda tanlov fanlarni ko'paytirish zarur. endi talaba imkon qadar o'qituvchi va fanlarni tanlashi uchun imkoniyat yaratiladi. Hamma narsa talaba atrofida bo'lishi kerak.
Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifati va samaradorligi hamda o'quv jarayonida elektron resurslardan foydalanish ko'lami oshishiga alohida e'tibor qaratamiz. Oliy ta'limning me'yoriy-uslubiy tizimi xalqaro standartlarga muvofiq joriy etiladi. Buning natijasida mamlakat oliy ta'lim tizimi jahon ta'lim makoniga to'liq integratsiya qilinadi. Xalqaro akademik va ilmiy mobillik huquqiy asosga ega bo'lib, keskin kengayadi. Diplomlar, akademik va ilmiy darajalar konvertatsiyasi uchun sharoit yaratiladi. Shuningdek, ta'lim dasturlarini xalqaro miqyosda uyg'unlashtirish imkoniyati kengayadi. Mamlakat oliy ta'lim muassasalari xalqaro reytinglarda tengma-teng ishtirok etishi uchun qulay vaziyat yuzaga keladi. Ta'lim jarayoniga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish, qo'shma dasturlar asosida o'qitish hamda xalqaro akademik va ilmiy loyihalarni amalga oshirish ko'lami kengayadi.
Toshkent yoshlar forumida ishtirok etish istagini bildirib, ro'yxatdan o'tgan yigit-qizlar sonining 15 mingdan oshgani mazkur tadbirning ko'lami yanada ortib borayotganidan dalolat beradi.
Forum davlat sektori rahbarlari, vazirlar, qator mamlakatlar elchilari, san'at namoyandalari bilan uchrashuvlar, viktorina o'yinlari, modalar namoyishi, O'zbekiston milliy simfonik orkestri kontserti hamda boshqa ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bilan davom etmoqda.
Risolat Madieva,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri