Mustabid shoʻro tuzumining avj pallasi. Biz – Toshkent davlat universiteti(hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakulteti talabalari boʻlmish bir guruh yoshlar “Metro ishga tushar ekan” degan xushxabardan oʻzimizda yoʻq shod, bu yangilikning “suyunchi”siga bir kunlik darslarning bahridan kechib, aql bovar qilmaydigan moʻjizaviy yer osti poyezdiga tezroq minishga oshiqib bormoqdamiz. Samarqandda oliy oʻquv yurtlarida oʻqiydigan maktabdosh hamqishloqlarimiz ham shunday zavq va ishtiyoq bilan oʻqishini tashlab, metroni koʻrishga kelgan...
Oʻquv yilining ilk oyi – sentyabr tugab-tugamay paxta yigʻim-terimiga ommaviy safarbar qilinadigan, hali oʻspirinlik davridan chiqmagan talaba-yoshlar uchun metroning yarqiragan yam-yashil vagonlarida “sayr” qilib yurish chinakam moʻjiza edi. Tarix XX asr, sana – yetmishinchi yillarning ikkinchi yarmi nari-berisi. Oradan oʻn-oʻn besh yillar oʻtib, qancha yolgʻon tuzumlaru soxta taʼlimotlar barbod boʻlishini biz hali bilmas edik.
...Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 29 yilligi bayrami arafasida yangi davru zamonamizning mutlaqo oʻzgacha qiyofa va timsolini oʻzida mujassam etgan Toshkent metrosi Yunusobod yoʻnalishining nurafshon va munavvar “Turkiston” bekatiga yangi zamonaviy vagonlarda kirib borar ekanmiz, mening xayolimdan salkam yarim asrlik avvalgi uzuq-yuluq xotiralar temir yoʻl shpallariday yalt-yult oʻta boshladi. Talabalikdagi 18-19 yoshli hayratlarim yangi Oʻzbekistonning uch yillik hamda mening oltmish bahor va kuzlardan oʻtgan umrim pallasidagi hayratlar oldida holva ekan.
Yangi zamonda yangi metropolitendir bu,
Toshkent zar chopon boʻlsa, yangi zarhal yengdir bu.
Raqamlar tili bilan aytganda, Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishi ikkinchi bosqichining qurilishi amalga oshirilish muddati 2017-2020-yillar —uch yil deb belgilangan. Loyihani amalga oshirish doirasida salkam uch kilometr uzunlikdagi metro yoʻli hamda “Yunusobod” va “Turkiston” metro bekatlari bunyod etildi. Loyiha umumiy qiymatining 103,8 million dollarlik mablagʻidan 51 millioni davlat byudjetidan, qolgan 52,8 million miqdoridagi qismi esa Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan qoplandi. Metropolitenning yer osti tonnel qismi diametri 6,1 metrni, metro bekatlarining umumiy balandligi 17,2 metrni va bekat platformasi uzunligi 102 metr, kengligi esa 18,5 metrni tashkil etadi. Shuncha mehnatu zahmat evaziga, sogʻinch va iztiroblar, uyqusiz tunlar, uygʻoq aql-idrok va teran tafakkurdan kutilgan maqsad — eldoshlarimizga qulaylik, xalqimizning ogʻirini yengil qilish. Demak, “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari orqali kuniga 7,5 ming yoʻlovchining uzogʻini yaqin qilish koʻzda tutilgan. Shahar tabiatining tozaligini saqlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Yiliga 5,3 ming tonna zararli gazlarning ob-havoni zaharlashi oldi olinadi. Bu millat sogʻligʻini himoya qilish demakdir.
Bugungi sertahlika dunyoda, koʻrinmas ofat-balo har lahza, har soatda insonlar joniga qasd qilib turgan qiyin bir sharoitda bunyodkorlik va yaratuvchanlik zavqu shavqi bilan yashamoq yuksak insoniy olijanoblikdir. Yangi ishga tushirilgan yer osti va yer usti metro yoʻllari, muhtasham metro bekat-qasrlari, tashqariga chiqqanda esa koʻzni qamashtiradigan keng va ravon shohkoʻchalar, koʻp qavatli uy-joylaru eng zamonaviy texnoparklar oʻzidan oʻzi osongina bino boʻlib qolgan emas. Bularning barchasi, avvalambor, qudrat manbai, saodat maskani boʻlmish jonajon Vatanimiz — yangi Oʻzbekistonimizning tinib-tinchimas loyihachilaru meʼmorlari, quruvchi va muhandislari, barcha fidoyi vatandoshlarimiz mehnatining ulugʻvor samarasidir.
Rahmatli bobomning bir hikmatli soʻzini otam bizga qayta-qayta nasihat qilib aytar edi: “Vatanga ham, yerga ham mehr kerak, mehnat kerak, bolalarim! Hamma yomonlik bemehrlar va bekorchilardan chiqadi”.
Keyingi ikki-uch yil ichidagi azim poytaxtimizda boʻy koʻrsatgan yangilanishlar, ayniqsa, Yunusobod va Yashnobod tumanlari misolidagi bunyodkorlik ishlariga qanchalar mehr va mehnat, matonat va shijoat sarflanganini Vatanni anglaganday yurak-yurakdan his etamiz. Modomiki, gap mehr va sadoqat haqida ketar ekan, kasb-kori va yumushidan qatʼi nazar, eldoshlarimizning oddiy insoniy tuygʻulari ayni shu kunlarda, murakkab va sinovli damlarda xalqimizning umummilliy olijanob fazilatlari bilan imtihondan oʻtayotir. Demak, mehrda gap koʻp. Qiyin kunimiz ham, yaxshi kunimiz ham oʻzimizniki. Bas, shunday ekan, mehrimizni hech qachon bir-birimizdan darigʻ tutmaylik.
Bugun sizga oq dasturxon toʻshar hayot,
Taronani togʻoraga qoʻshar hayot,
Ham singil, ham yoringizga oʻxshar hayot –
Mehringizni qizgʻanmang bir-biringizdan.
Xuddi koʻnglimizdagi kechinmalarni sezayotganday charaqlagan metro poyezdi keng va yorugʻ, Sharq quyoshi porlab turgandek nurafshon bekatga kelib toʻxtadi. Vagon ovoznigoriga yozilgan jarangdor soʻzlar yangraydi: “Eshiklar ochiladi. “Turkiston” bekati!” Bir qarashda oddiy xitobdek tuyulgan bu ibora zamirida beixtiyor tomirlari moziylarga borib taqalguvchi teran hikmat, qadimiy el-ulusning qadim tarixi nihon ekanini anglaysiz. Demak, hozirgi zamon qasrlari, bino va imoratlarining meʼmoriy yechimlarida bobolarning dardu armonlari, bugungi va kelajak avlodlarning orzu-havaslari badiiy va tasviriy tilsimlari oʻz ramziy ifodasini topgan. Bekat devorlari, suratlar, porloq chiroqlar, koshinlar va ustunlargacha, oddiy naqshu bezaklargacha ziyo taratib turgan kitobga oʻxshaydi. Bu muhtasham va sermazmun qasr-kitobdan kattayu kichik Vatan darsini, milliy va umumbashariy qadriyatlar sabogʻi va tarbiyasini oladi.
“Turkiston” bekatining qadimiyat obidalari naqshlangan boʻrtma devoriy suratlariga sinchiklab qaragan navqiron yigit-qizlar bamisoli tarix kitobini mutolaa qilgandek, ajdodlarimizning bebaho maʼrifiy merosini oʻrgangandek boʻladi. Shu maʼnoda “Turkiston” bekati koʻrgazmali darsxonaga oʻxshaydi. Davlatimiz rahbari qayta-qayta taʼkidlaganidek: “Nafaqat ilm va iqtisodiyot, balki tarbiya bizni yuksaltiradi”.
... Xayolimiz beixtiyor olis moziylardan yaqin oʻtmishga, aniqrogʻi, ulugʻ ustozlarimiz “tilim bogʻliq, dilim dogʻliq”, deya armon bilan kuylagan oʻtgan asrning saksoninchi yillariga koʻchadi. Ustoz Erkin Vohidov “Turkiston bir — Vatan bir” sheʼrida ham mana shunday zamonlarni qoʻmsab, sogʻinib:
Ul qasr ichra bari
ahli jahon mehmon boʻlur,
Bir tamosho qilgan odam
lol boʻlur, hayron boʻlur, —
deya orzu qilganidek, biz mana shu ezgu niyatlarning ijobatini bugun shundoqqina koʻz oʻngimizda koʻrib turibmiz.
Zamon shiddat bilan oʻtmoqda. Vaqt surʼati tezoqar daryodan ham ildamroq oʻzib borayotir. “Turkiston” metro bekatida salkam yarim soatlar kechgan vaqtimiz davomida biz yoʻl-yoʻlakay, uzuq-yuluq taassurotlar bilan emas, butun tarix va oʻtmish, bugun va kelajak, ajdodlar va avlodlar taqdiri, davr va zamon kechinmalarini mujassam etgan zalvorli oʻy va fikrlar bilan navbatdagi manzilga borish uchun eshiklari ochiq vagonlarga kirar ekanmiz, oʻrindiqlarga joylashib olganimizdan soʻng ovoznigorning yangroq tovushi eshitildi: “Eshiklar yopiladi. Iltimos, suyanmangiz! Keyingi bekat...”
Shu asnoda xayol va hayot toʻqnash kelganini his etamiz. Shoirona tashbehlar xayol osmonida qaldirgʻochlarday charx ura boshlaydi: Eshiklarga suyanmang, bir-biringizga suyaning! Biz bugun yakka-yakka tartibda yasholmaymiz. Shaxsiy manfaat uchun Vatanga suyanmang! Vatanga tayanch boʻling! Vatanga suyanch boʻling! Xuddi binolarday, yoʻllarday Vatanga xizmat qiling! Vatan uchun yer boʻling, koʻprik boʻling! Or boʻling, nomus boʻling, hech boʻlmaganda sevinch yoshlari uchun kiprik boʻling!
Dunyoning bu pallalari topilmaydi,
Eshiklari tun-kun ochiq, yopilmaydi.
Mehr keyin doʻkonlarda sotilmaydi,
Mehringizni qizgʻanmang bir-biringizdan.
Sirojiddin SAYYID,
Oʻzbekiston xalq shoiri