Toshkent shahar Markaziy davlat arxivida 1966-yil 26-aprel kuni soat 05:23 da yuz bergan Toshkentdagi kuchli zilzilaga doir bir qancha alohida qimmatli arxiv hujjatlari, jumladan qogʻoz asoasdagi hamda foto hujjatlar mavjud.
Xususan Toshkent shahar ijroiya mahkamasining qaror va farmoyishlari, 10-fond, 4-roʻyxat, 639-722-yigʻma jildlar, 1966–1967-yillar.
Bu fond hujjatlari Toshkent shahar ijroiya mahkamasiga tegishli boʻlib, unda Toshkent shahrida 1966-yil aprel oyida roʻy bergan zil-zila, unda koʻrilgan talafotlarni bartaraf etish, talafot joylaridan aholini koʻchirilishi, koʻchirilganlarni uy-joy bilan taʼminlash, aholini moddiy taʼminot bilan taʼminlanganligi, talofot yetgan hududlarni tozalash va obodonlashtirish ishlarining olib borilishi, qoʻshimcha yordam kuchlarining jalb qilinishi haqida qaror va farmoyish hujjatlari oʻz aksini topgan.
Toshkent shahri seysmik jihatdan faol zona (8—9 balli seysmik)da joylashgan. 1866—68 yillar va 1966-yildagi zilzilalar kuchli zilzilalar sirasiga kiradi.
1866-y. 26-apreldan 27-aprelga oʻtar kechasi sodir boʻlgan zilzila oqibatida mozor va jome masjidlarining gumbazlari, jumladan, Xoja Ahror jome masjidi gumbazi, aholi yashaydigan imoratlar qulab, koʻplab qurbonlar boʻlgan. Bu haqda XIX-asrda yashagan toshkentlik tarixchi Muhammad Solih “Tarixi jadidai Toshkand” asarida hikoya qilgan. Undan tashqari, Toshkentda 1868-yilning 4-fevral va 4-aprel, 1886-yilning 29-noyabr, 1924-yilning 7-iyun, 1946-yilning 3-noyabr kunlarida 7 va 8 balli zilzilalar boʻlgan. Bu zilzila oʻchoklari Toshkentdan tashqarida joylashgan boʻlib, kuchi 8—9 ballga yetgan.
1966-y. 26-aprel soat 5 dan 22 min. oʻtganda Toshkentda kuchli zilzila sodir buldi. Zilzila oʻchogʻining chuq. 8–10 km boʻlib, energiyasi 10y joulga teng , epitsentrda (sobiq Qashqar mahallasi va Labzak oʻrnida) vertikal zarblar kuchli bulib, silkinish 8 ball, Rixter shkalasi boʻyicha magnitudasi 5,3, maksimal vayronalik maydoni — 10 km² ga yetdi. Bu maydon shim.gʻarbdan jan.sharqqa choʻzilgan. Zilzilaga sabab boʻlgan Qorjontov tektonik darzligi shu yoʻnalishda 8– 10 km chuqurlikni qamraydi. Bu zilzilani yer yuzidagi 100 dan ortiq seysmik stansiyalar qayd qiddi.
Birinchi kuchli zarbadan soʻng silkinishlar soni 500 dan ortgan, ulardan bir nechtasining kuchi 7 ballga yaqinlashgan. Ayniqsa, 1966-yilning 7, 9, 24-may, 4-iyun, 29-iyul kunlari sodir boʻlgan tebranishlar uyjoylarni vayron qilgan. Asosiy tebranish 1966—68 yillar mobaynida yuz berib turgan bir kancha aftershoklar bilan davom etdi. Zilzilaning kaytalab turishi 2000 dan ortiq boʻlganligini Markaziy seysmik stansiya qayd qilgan.
Zilzila natijasida 2 mln. m2 dan ortiq turar joy, 236 maʼmuriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish joylari, 26 kommunal xoʻjalik korxonasi, qariyb 180 oʻquv yurti, shu jumladan, 8 ming oʻrinli maktablar, 36 madaniy maishiy muassasa, 185 tibbiy va 245 sanoat korxonasi binolari zarar koʻrdi. 78 ming oila, 300 ming kishi boshpanasiz qoldi, 8 kishi halok boʻlib, 150 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Zilziladan zarar koʻrgan Toshkentga qoʻshni respublikalardan gʻamxoʻrlik koʻrsatdilar. Boshpanasiz qolganlarni joylashtirish, sanoat va savdo korxonalari ishini qayta tashkil etish va boshqa tadbirlar belgilandi. Zilzila oqibatida vayron boʻlgan uyjoylar oʻrnida zilzilabardosh yangi binolar qad koʻtardi.
Qisqa vaqt ichida shahar qiyofasi oʻzgardi. Toshkent goʻzal, zamonaviy shaharga aylandi.
Halok boʻlganlar soni 8 kishini tashkil etdi. Ikki yuzdan ortiq odam jarohat oldi, keyinchalik esa kuchli hayajonli qoʻrquvni boshidan oʻtkazgan koʻpgina qariyalar vafot etdi
Vayronalar
Toshkent zilzilasi oqibatida shahar aholisining yarmi uysiz qoldi. Bir necha soniya ichida ikki mln kv turar joy maydoni yaroqsiz holga keldi. 78 ming nafar oila uy-joysiz qoldi, zilzila natijasida maʼmuriy binolar, savdo obyektlari, kommunal xizmatlar, oʻquv muassasalari, tibbiyot va sanoat binolari vayron boʻldi.
1966-yildagi Toshkent zilzilasi odamlarni jipslashtirdi. Shahar jadal tezlikda qayta qurila boshlandi, qishga kelib 300ming aholi yangi uylarga koʻchib oʻtdi. Uch yilga qolmay zilzilaning barcha oqibatlari bartaraf qilindi. Shahar chetida yangi mavzelar barpo qilindi, shahar markazi esa qayta tiklandi, maktab, maʼmuriy binolar, madaniy dam olish muassasalari qad koʻtardi.
Toshkent kuchli tabiiy ofatni boshidan oʻtkazdi, biroq Sovet Ittifoqi respublikalari yordamida qayta tiklandi. Toshkent shahrining maydoni 1,5 barobar kattalashdi. Shuningdek aholi soni ham ortdi: bugungi kunda shaharda yuzdan ortiq millat vakillari istiqomat qiladilar.
Toshkent zilzilasining 10 yilligi munosabati bilan shahar markazidagi yangi turar joy mavzesida “Jasorat” arxitektura kompleksi qurildi.
Anvarjon Aliyev,
“Oʻzarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari
















