Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga xizmat qilgan maxsus Telegram-bot aniqlandi.

Maʼlumotlariga koʻra, ushbu bot orqali gumonlanuvchilar kriptoaktivlarni qabul qilish, oʻtkazish va ayirboshlash bilan shugʻullangan.

Tezkor chora-tadbirlar natijasida poytaxtning Yunusobod tumanida mazkur botni boshqarib kelgan uch nafar fuqaro qoʻlga olindi. Ulardan xolislar ishtirokida 4 dona mobil telefon, 3 dona noutbuk, turli banklarga tegishli 12 dona plastik karta, 11 dona SIM-karta hamda qogʻozga oʻralgan giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, ikki nafar gumonlanuvchining uyali telefonlari koʻzdan kechirilganda, xorijiy va elektron kriptohamyonlar orqali qariyb 95 mingta moliyaviy tranzaksiya amalga oshirilgani, kriptoaktivlarning umumiy aylanmasi esa 2 million 375 ming AQSH dollarini tashkil etgani aniqlandi.

Yana bir gumonlanuvchining yashash xonadoni tekshirilganda, undan 550 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari topildi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.