Aniqlanishicha, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 1969 va 1997-yillarda tugʻilgan ota-bola oʻz yashash xonadonida chet eldan aylanma yoʻllar bilan olib kelingan preparatlarni saqlash uchun maxsus yashirin ombor tashkil etishgan. Ular ushbu dori vositalarini noqonuniy ravishda dorixonalarga tarqatish bilan shugʻullanib kelishgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilarning xonadoni va avtomobili koʻzdan kechirilganda, Turkiya va Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dyuspatalin”, “Novomiks”, “Galvus MET” kabi 87 turdagi jami 133 374 dona dori vositalari topildi. Musodara qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 3 milliard soʻmdan ortiqni tashkil etadi.
Bundan tashqari, ashyoviy dalil sifatida 50 ming AQSH dollari, 10,6 million soʻm naqd pul hamda 150 nafar shaxsga tegishli boʻlgan bank plastik kartalari rasmiylashtirib olindi.
Hozirda mazkur dori vositalarining namunalari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga ekspertizadan oʻtkazish uchun yuborilgan boʻlib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.