Bu haqda Toshkent shahar hokimligi maʼlum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, poytaxtda jamoat transporti bekatlari infratuzilmasini tartibga solish va yangilash boʻyicha oʻtgan yili boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Dastlabki bosqichda 100 kilometrlik hudud qamrab olinib, 360 dan ortiq jamoat transporti bekati, 190 ta katta-kichik chorraha xatlovdan oʻtkazildi.

Oʻtkazilgan audit natijalariga koʻra, bekatlar hududida xalq tilida “tijorat doʻkonlari” deb ataladigan 110 ta savdo obyekti joylashgani maʼlum boʻldi. Ulardan 61 tasi bekat majmuasi hududiga egalik qilish va uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan.

Maʼlum qilinishicha, mazkur holatlarga huquqiy baho berilib, tegishli choralar koʻriladi.

Shahar maʼmuriyatining tegishli qaroriga asosan barcha bekatlar bosqichma-bosqich yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini boshqa hududga koʻchirish orqali kompensatsiya toʻlash mexanizmi nazarda tutilgan.

Jahon amaliyotiga muvofiq, zamonaviy bekat konsepsiyasi:

  • bekat hududida savdo obyektlarining boʻlmasligini;
  • yoʻlovchilar uchun transportni erkin va xavfsiz kutish sharoitini;
  • platformalarning yetarlicha keng boʻlishini;
  • tirbandlik yuqori boʻlgan paytda ularni kengaytirish imkoniyatini;
  • inklyuziv muhit yaratilishini nazarda tutadi.

“Dolzarb 90 kun” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yangiliklar taqdim etib boriladi.