Uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  joriy yilning 8-oktyabrida qabul qilingan “Toshkent shahrida “A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4857 Qarorining ijrosini taʼminlash yuzasidan tashkil etildi.

Muhokama Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov, RDPU rektori maslahatchisi Arseniy Parfenov va RDPU Toshkentdagi filialining yangi tayinlangan direktori Vasiliy Popov ishtirokida boʻlib oʻtdi. Shuningdek, tadbirda MTV boshqarmalari vakillari ham qatnashdilar.

Suhbat chogʻida Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar natijalari, Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarini yana-da mustahkamlashning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

A.I.Gersen nomidagi RDPU rektori maslahatchisi A.Parfenov universitet maʼmuriyati nomidan rektor S. Bogdanov Toshkentda A.I.Gersen nomidagi RDPU filialini ochish gʻoyasini ilgari surgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligiga alohida minnatdorchilik bildirishini taʼkidladi. Eʼtiborlisi shuki, ushbu filial RDPUning xorijda tashkil etilgan birinchi filiali boʻladi.

Uchrashuv davomida Toshkentda A.I.Gersen nomidagi RDPU filialini ochishning tashkiliy masalalari ham muhokama qilindi, jumladan: a) filialni ochish va faoliyatini boshlash uchun yoʻl xaritasini ishlab chiqish; b) filialni davlat roʻyxatidan oʻtkazish; V) filialni boshqarish tartibi; g) filialning tuzilishi va maqomini aniqlash; ye) oʻquv rejalari va dasturlarini akkreditatsiya qilish; ye) filial binosini loyihalash va qurish. 

Maʼlumot uchun: A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti 1797-yilda tashkil etilgan va Rossiyaning yetakchi pedagogika universiteti hisoblanadi. Universitet tarkibiga 2 ta tadqiqot instituti, 12 ta institut (“Institut detstva”, “Institut defektologicheskogo obrazovaniya i reabilitatsii”, “Institut teatra, muzыki i xoreografii” institutlari va boshqalar.), 11 ta fakultet kiradi. 2019-yilda universitet nufuzli Times Higher Education (THE) University Impact Rankings 2019 Jahon universitetlar reytingiga kirib umumiy 200 oʻrindan 101 oʻrinni egallagan.

2020-yilning 21-yanvar kuni Sankt-Peterburg shahrida A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va RDPU filialini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oʻrtasida shartnoma imzolangan.

Toshkent shahridagi filialda maktabgacha taʼlim, korreksion pedagogika, psixologiya va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Universitetda taʼlim bakalavriat va magistratura dasturlarida tashkil etiladi, shuningdek kunduzgi taʼlimda professional qayta tayyorlash va malakasini oshirish oʻquv kurslari, shuningdek, kelajakda sirtqi hamda kunduzgi-sirtqi shakllari ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan.