Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Maʼlum boʻlishicha, holat Yashnobod tumanida sodir boʻlgan. Uch nafar erkak spirtli ichimlik taʼsirida yoʻlda ketayotgan ayolga turtilib ketgan. Ayol bildirilgan eʼtiroziga nisbatan, uning homiladorligiga ham qaramay, haqorat qila boshlagan.
«Taxminan sota 20:45 lar atrofida atrofida ishdan uyga qaytayotganimda uch nafar menga notanish fuqaro menga tegajogʻlik qilishdi. Menimcha, uchalasi ham aslida spirtli ichimlik ichib olishgan ekan. Ular menga gap otishdi va qoʻl harakatlari bilan tegajogʻlik qilishdi. Bunaqa qilmaslik kerakligini aytganimda, jarayon biroz muammoli holatga keldi. Lekin bugungi kunda Oʻzbekistonda qonun kuchi juda ham ustuvor va ayniqsa ayollarning huquqlari juda himoya qilinmoqda.
Yashnobod tumani ichki ishlar boʻlimiga alohida tashakkurimni bildiraman, zero vaziyatni toʻgʻri baholashdi. Ular bezorilik qilgan, menga notanish boʻlgan, yoshi 30-40 lar oraligʻidagi erkaklarni topib kelishdi va kerakli choralarni koʻrishdi. Buning uchun yana bir bor ichki ishlar boʻlimiga minnatdorligimni bildiraman«, — deydi ayol.
Spirtli ichimlik taʼsirida oʻzlarining harakatlarini oddiy hol deb his etgan huquqbuzarlar qonun oldida javob berishiga toʻgʻri kelgan vaqtda oʻz qilmishlariga afsuslanishdi.
«Kafedan chiqdik, sheriklarim bilan yoʻlimizda ketayotgan edik, yoʻldan bu ayol chiqib qoldi. Bilmasdan turtilib ketdim, spirtli ichimlik taʼsirida edim. Qilgan ishimdan, gapirgan gaplarimga afsusdaman. Uzr soʻrayman, bunday holatni takrorlamayman«, — deydi huquqbuzar erkaklardan biri.
«Oʻrtoqlarim bilan chiqayotgandim, ayol bilan kelishmovchilik kelib chiqdi. Unga qoʻpol gapirib yubordim. Undan uzr soʻrayman. Boshqa takrorlamayman«, — deydi ikkinchi huquqbuzar.
Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudida uch nafar huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan sud qarori qabul qilindi.
Huquqbuzarlikni sodir etganliklari aybi isbotlandi va ularni 10 kun muddatga maʼmuriy qamoq jazosiga tortish belgilandi.