Toshkentda birinchi jamoat yashil parki ochiladi

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, ushbu park bir paytlar xaroba, qarovsiz boʻlgan hudud oʻrnida tashkil etilmoqda. Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi ushbu park hududi 2020-yilgacha tashlandiq holatda boʻlgan. Hozirda esa 1200 dan ortiq daraxt va 23 ming tup butalar ekilib, 7,5 gektar maydonda yashil bogʻ barpo etilmoqda.

    Poytaxtdagi birinchi yashil jamoatchilik parki shovqin-surondan holi, ekologik talablarga toʻliq javob beradi. Hududda oʻziga xos atirgul bogʻi barpo qilinmoqda, tabiiy koʻl yaratiladi, qushlar uchun inlar quriladi. Hamma yoʻlaklar toshlardan, oʻrindiqlar esa qurigan daraxtlardan, yaʼni toʻliq tabiiy materiallardan qilinadi. Shuningdek, yil davomida ketma-ket gullaydigan oʻsimliklar ekiladi va bu parkning doimiy koʻrkam qiyofa kasb etishiga xizmat qiladi.

    Bundan tashqari, jamoat parkiga kirish mutlaqo bepul va istagan kishi hordiq chiqarishi mumkin. Park hududida chiqindi tashlash qatʼiy taqiqlanadi (chiqindilarni faqat parkka kirish va chiqish joyida oʻrnatilgan chiqindi qutilariga tashlash lozim), bu esa hududning ekologik toza maskanga aylanishini taʼminlaydi.

    Bundan tashqari, jamoat parkiga kirish mutlaqo bepul va istagan kishi hordiq chiqarishi mumkin. Park hududida chiqindi tashlash qatʼiy taqiqlanadi (chiqindilarni faqat parkka kirish va chiqish joyida oʻrnatilgan chiqindi qutilariga tashlash lozim), bu esa hududning ekologik toza maskanga aylanishini taʼminlaydi. Park toʻliq Yevropa, jumladan, Yaponiya tajribasi asosida barpo qilinmoqda, bu yerda faqat mahalliy, oʻzimizning iqlimga mos daraxtlar ekilmoqda.