Toshkentda birinchi oʻzbek uchuvchisi haqidagi hujjatli film premyerasi boʻlib oʻtdi

    “Riviera” kinoteatrida birinchi oʻzbek uchuvchisi Abdusamat Taymetov haqidagi hujjatli filmning yopiq namoyishi boʻlib oʻtdi.

    “Uzbekistan Airports” kompaniyasi tashabbusi bilan suratga olingan 22 daqiqalik “Taymetov. Gʻalaba parvozi” filmi bolaligidan osmonni orzu qilgan, ogʻir damlarga qaramay, nafaqat uchuvchi, balki milliy aviatsiya afsonasiga aylangan sodda bola haqida hikoya qiladi.

    Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80-yilligiga bagʻishlab yaratilgan hujjatli film Oʻzbekiston tarixidagi birinchi harbiy va fuqaro aviatsiyasi uchuvchisi, sinovchi-uchuvchi, Oʻzbekiston aviatsiya maktabi asoschisi va Toshkent aeroportining birinchi direktori, urush qahramoni, 1945-yil 9-may kuni Germaniyaning soʻzsiz taslim boʻlishi toʻgʻrisidagi aktni Moskvaga olib kelgan Abdusamat Taymetov haqida hikoya qiladi. Shuningdek, mazkur film ikkinchi jahon urushi yillarida asosiy jangovar samolyotga aylangan va Toshkentdagi aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan Li-2 tarixini koʻrsatadi.

    «Ushbu filmni yaratish gʻoyasi Toshkent aeroportiga oid arxiv hujjatlarini oʻrganish jarayonida tugʻildi. Abdusamat Taymetov uning birinchi direktori, shuningdek, birinchi oʻzbek uchuvchisi – urush qahramoni va aviatsiya afsonasi edi. Biz ana shunday insonning hikoyasini abadiylashtirish va kelajak avlodlar uchun ushbu film shaklida xotira qoldirishni oʻzimizning burchimiz deb bildik», — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” AJ axborot-mediya markazi rahbari.

    Film rejissyori Eldor Yoʻldoshev, prodyuser Saidrasul Imamov, ssenariy muallifi Muyassar Maqsudova, kompozitor Igor Pinxasov. Filmda ushbu loyiha uchun maxsus raqamlashtirilgan va qayta tiklangan maxsus kino va fotografik materiallardan foydalaniladi.

    «Ushbu filmning asosiy maqsadi Oʻzbekistonning Ikkinchi jahon urushini tugatishga qoʻshgan ulkan hissasini koʻrsatishdir. Agar yerda dushmanga qarshi asosiy qurol T-34 tanki va “Katyusha” reaktiv artilleriyasi qurilmasi boʻlgan boʻlsa, osmonda asosiy strategik qurollardan biri Toshkentda ishlab chiqarilgan “Li-2” samolyoti boʻlgan. Ushbu samolyotni loyihalashtirish va ishlab chiqarilishiga vatandoshlarimiz, oʻzbek mutaxassislari — respublika rahbari Usmon Yusupovdan tortib samolyot fyuzelyaji parchinchisi Muazzam Aliyevagacha oʻz hissalarini qoʻshishganiga fakt va dalillarni topdik. Davlat sirlarini oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi kelishuv tufayli bu faktlar arxivda chang toʻplab yotgan va shunga mos ravishda tan olinmay qolgan», — deydi film rejissyori Eldor Yoʻldoshev.

    2025-yil 19-may kuni Moskvaning “Xudojestvennыy” kinoteatrida “Madaniyatlar muloqoti” xalqaro mediaforumi doirasida “Taymetov. Gʻalaba parvozi” filmining premyerasi boʻlib oʻtadi.