IT sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarining xorijdagi hamkasblari bilan oʻzaro hamkorlk aloqalarini oʻrnatish va tajriba almashish muhitini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan festivalning dastlabki kuni onlayn shaklda boʻlib oʻtdi. Unda xalqaro ekspertlarning Android 12, Flutter, Back-end, Web va App UX, FAANG va Googlega qanday qilib ishga kirish mumkinligi haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Jumladan, Google kompaniyasida ishlayotgan hamyurtimiz Nodir Nazarov onlayn tadbirda oʻz taqdimoti bilan qatnashdi va qanday qilib xalqaro kompaniyaga ishga kirish mumkinligi va Googleda ishlashning afzalliklari toʻgʻrisida soʻzlab berdi.
“Yangi Oʻzbekiston” universitetida davom etgan festivalning offlayn qismida IT sohasidagi koʻplab xalqaro mutaxassislarning mavzu yuzasidan mulohaza va takliflari tinglandi. Ishtirokchilar tadbir taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:
Dilmurod Olimjonov, GDG Tashkent festivali tashkilotchisi:
— GDG (Google Developer Groups) festivali butun dunyo boʻylab oʻtkazilib kelinadi va bu yil yurtimizda ushbu festival gibrid shaklda, yaʼni onlayn va offlayn tarzda boʻlib oʻtdi. Festivalning onlayn qismida 4000dan ortiq dasturchilar qamrab olindi. Unda Google kompaniyasida ishlaydigan xalqaro ekspertlar bilan IT sohasidagi soʻnggi texnologiyalar boʻyicha suhbatlashdik. Tadbirning offlayn qismiga yurtimizdagi 1200dan ortiq dasturchilar, yirik IT kompaniyalar vakillari, oliy taʼlim muassasa talabalari qiziqish bildirdi.
Kun davomida turli taqdimotlar, workshoplarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Oʻylaymizki, ushbu tadbirimiz barcha IT sohasi vakillari uchun juda samarali boʻladi.
Nuriddin Iminoxunov, festival tashkilotchisi:
— GDG Tashkent festivali 2018-yildan buyon oʻtkazilib kelinmoqda. Mazkur tadbir har yili Markaziy Osiyodagi eng katta dasturchilar festivali, deb eʼtirof etiladi. Joriy yilgi festival orqali koʻplab xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda yosh dasturchilarni qamrab olishga erishdik.
GDG Tashkent festivalidan koʻzlangan asosiy maqsad birgalikda oʻrganish, oʻsish va tajriba almashish hisoblanadi. Biz shu orqali dasturchilarni birlashtirib, mahalliy IT hamjamiyatini Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan bogʻlaydigan oʻziga xos koʻprikka aylantirishga oʻz hissamizni qoʻshishni maqsad qilganmiz.
Taʼkidlab oʻtish lozim, bunday tadbirlar yosh dasturchilar uchun oʻziga xos motivatsiya hisoblanadi. Bu yerda 10 yildan ortiqroq vaqt davomida eng oldi jamoalarda faoliyat olib borayotgan IT mutaxassislari ishtirok etmoqda. Ularning fikri, maslahatlari hamda tajribasi IT sohasiga endi qadam qoʻyayotgan dasturchilarni ruhlantirishiga aminman.