Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, maxsus komissiya Yangihayot tumanidagi Janubiy sanoat zonasida joylashgan “Oʻzvtorsvetmet” AJ korxonasi faoliyatini ham tekshirdi. Ushbu korxona ekologik xavfi yuqori boʻlgan obyektlar sirasiga mansub. Avvalroq, 2025-yil oktyabr oyida mazkur korxonada tekshiruv oʻtkazilib, uning yakunlariga koʻra majburiy koʻrsatma berilgan edi.
Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan berilgan koʻrsatmaga muvofiq, korxona boshqa hududga koʻchirilmoqda hamda Yangihayot tumanida ishlab chiqarish faoliyatini toʻxtatmoqda.
Eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinadi, korxona esa boshqa hududda zamonaviy, texnologik jihatdan takomillashgan uskunalarda oʻz faoliyatini davom ettiradi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida atmosferaga qariyb 226,7 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olinadi. Bu esa Toshkent shahri Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Janubiy sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “Ikkilamchi qora metallar” korxonasining Toshkent filiali ham tekshiruvdan oʻtkazildi. Mazkur korxona metalllolomni saralash va presslash ishlari bilan shugʻullanib, atrof-muhitga oʻrtacha darajada taʼsir koʻrsatuvchi obyektlar qatoriga kiradi.
Tekshiruvlar yakunlariga koʻra, barcha korxonalarga ekologik meʼyorlarga qatʼiy rioya etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. Toshkent shahri sanoat zonalarida ekologik nazorat ishlari davom ettirilmoqda, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish masalasi esa alohida nazoratga olingan.