Toshkentda elektrobuslarni quvvatlash stansiyalari yetishmayotgani maʼlum boʻldi

    Transport 2 May 2023 1523

    24-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda elektrobuslarni quvvatlovchi stansiyalar yetishmayotganligi va shu sabab yoʻnalishlarga chiqarilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

    “Toshshahartransxizmat” AJ holat yuzasidan izoh berishicha, hozirda 2 ta avtobus saroyi filialida jami 58 ta quvvatlash stansiyalari ishlab turibdi. Shuning 30 tasi “8-Avtobus saroyi” filialida, 28 tasi esa “7-Avtobus saroyi” filialida. Izohga koʻra, bu stansiyalar elektrobuslarni 4-5 soat davomida toʻliq quvvatlash imkoniyatini bermoqda.

    Poytaxtga tabiiy gaz va elektrda ishlaydigan yangi avtobuslar olib kelinishi sabab avtobus saroylarini qayta rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari dasturi ishlab chiqilgan va mart oyidan boshlab joylarda modernizatsiyalash ishlari olib borilmoqda.

    Dastur bilan “1-Avtobus saroyi” filialida 22 ta, “4-Avtobus saroyi” filialida 20 ta, “7-Avtobus saroyi” filialida 28 ta, “8-Avtobus saroyi” filialida 30 ta, “18-Avtobus saroyi” filialida 18 ta, “5-Avtobus saroyi” filialida 20 ta – jami 6 ta avtobus filialida 138 ta quvvatlash stansiyasini qurish belgilangan.

    Tez kunda avtobus saroylari hududida qurilayotgan 80 ta elektr quvvatlash stansiyalari foydalanishga topshirilishi kutilayotgani aytildi.