Tadbirda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashining sanoat va agrosanoat kompleksi boʻyicha Hayʼati aʼzosi (vazir) A.Kamalyan, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov, Belarus Respublikasi sanoat vaziri P.Parxomchik, Armaniston Respublikasi iqtisodiyot vaziri V.Kerobyan, Qirgʻiziston Respublikasi energetika va sanoat vaziri K.Turdubayev, Yevroosiyo taraqqiyot banki (YEOTB) Kengashi raisi N.Podguzov, shuningdek, yirik investitsiya va sanoat kompaniyalari hamda birlashmalari rahbarlari qatnashdi. YEOII huzuridagi kuzatuvchi davlat – Oʻzbekiston nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ishtirok etdi.

Yigʻilish davomida YEOII doirasida sanoat hamkorligini qisqa va oʻrta muddatli istiqbolda kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari hamda Ittifoq aʼzo mamlakatlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ayrim tarmoqlarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning imkoniyatlari ochib berildi. Shu nuqtayi nazardan Yevroosiyo taraqqiyot banki ishtirokida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirishning samarali mexanizmlari ham muhokama qilindi.

Samolyotsozlik sohasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. “Mamlakatlarimiz korxonalarining bu boradagi salohiyati juda katta va uni toʻla roʻyobga chiqarish kerak. Rossiya tomoni tashkilot doirasida xorijiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar importi oʻrnini bosish boʻyicha qoʻshma komissiya tuzish tashabbusini ilgari surdi. Bu mamlakatlarimiz ishlab chiqarish hamda havo transporti sohalarini rivojlantirish uchun zarur”, deya taʼkidladi Kengashning sanoat va agrosanoat kompleksi boʻyicha Hayʼati aʼzosi (vazir) A.Kamalyan.

Yigʻilish ishtirokchilari, shuningdek, YEOII mamlakatlarini strategik muhim dori-darmonlar bilan taʼminlash darajasini oshirish maqsadida oʻrta muddatli dasturiy hujjatni ishlab chiqishga kelishib oldilar va Komissiyaga ushbu masalani Ittifoqqa aʼzo davlatlar rahbarlari darajasida koʻrib chiqishni topshirdilar. Tomonlar COVID-19 pandemiyasi vaqtida mazkur vazifani amalga oshirish alohida ahamiyatga ega, deya yakdil fikrga keldilar.

Yigʻilishda, shuningdek, “2025-yilgacha sanoat kooperatsiyasining asosiy yoʻnalishlari” yangi strategik hujjat loyihasi tasdiqlandi. Hujjat Ittifoqqa aʼzo davlatlarga raqobatning kuchayishi va texnologik jihatdan ortda qolish kabi jiddiy muammolarni bartaraf etishga imkon beradi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari qutlov nutqida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport sohalarida sheriklikni kengaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar topish maqsadida Oʻzbekiston va YEOII oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning ustuvorligini, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlik, tenglik va ishtirokchi mamlakatlarning milliy manfaatlarini hisobga olish kabi YEOII konsepsiyasida belgilab qoʻyilgan tamoyillarning muhimligini taʼkidladi.

Kuzatuvchi mamlakat maqomida YEOII bilan hamkorlikning tasavvur etilayotgan asosiy istiqboli yoʻnalishlari, jumladan, qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish bilan birga kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, istiqbolli bozorlarga mahsulotlarni hamkorlikda olib chiqish, oʻzaro savdo hajmini hamda mavjud transport yoʻlaklarining samaradorligini oshirish va yangilarini tashkil etishga qaratilgan keng koʻlamli infratuzilma loyihalarini hayotga tatbiq etish, shuningdek, innovatsiyalarni ishlab chiqish va ragʻbatlantirishda koʻp tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish ham belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

YEOIIga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda, uning kun tartibidagi asosiy bandlar yuzasidan fikr almashildi va bir qator konstruktiv takliflar bildirildi. A.Kamalyan “Ishonchim komilki, bugungi yigʻilish hamda ushbu formatdagi kelgusidagi ishlarimiz ham integratsiyani rivojlantirishni jadallashtirish va iqtisodiyot real sektori barqaror oʻsishining amaliy natijalariga erishishga xizmat qiladi. YEOII Kengashining navbatdagi yigʻilishi 2021-yilning kuzida Qozogʻistonda, mashinasozlar forumi doirasida boʻlib oʻtadi. Va umid qilamizki, kun tartibimiz, birinchi navbatda, tarmoqlar hamkorligi masalalariga qaratiladi”, deya oʻz soʻzini yakunladi.