Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oylik doirasida oktyabr oyining 10 kuni davomida ana shunday noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanuvchi 32 nafar shaxs ushlangan. Ularning yonidan va yashirgan joylaridan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Barcha holatlar yuzasidan Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish”) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz! Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasiga koʻra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.