Avvalroq, guruh tomonidan mashhur xorijiy qoʻshiqlar oʻzbek tilida hazil tarzida ijro etilgan videorolik taqdim etilgan edi. Videoda Kamol Yusupov intim xizmat sohasida ishlayotgan ayol rolini oʻynaydi va Abror Gʻulomov uni sevib qolgani aytiladi.
Kamol Yusupov va Abror Gʻulomov ushbu videoning ssenariy muallifi va prodyuserlari boʻlgan. Klip boshida video hazil tarzida suratga olingani, haqoratli soʻzlar borligi, LGBT vakillarini targʻib etmasligi va 18 yoshdan oshganlar uchun moʻljallanganligi haqida ogohlantiriladi.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, videolavhada jamiyatda oʻrnatilgan yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, yoshlar, voyaga yetmaganlarning tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi holatlar mavjudligi yuzasidan, “Qashqar” mahalla fuqarolar yigʻini raisi A.Tuxtayev va yana boshqa fuqarolarning arizalari kelib tushgan.
Qayd etilishicha, Q.Yusupov va A.Gʻulomov profilaktik suhbat oʻtkazish uchun boʻlimga taklif qilingan. Biroq, ular IIBga taklif etilganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarishdan bosh tortgan.
Sud majlisida ular oʻz ayblariga iqror boʻlib, video hazil tariqasida suratga olingani, fuqarolarning noroziligiga sabab boʻlishini tushunmaganliklarini aytishgan.
Sud qarori bilan K.Yusupov va A.Gʻulomovlarga nisbatan MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismi bilan 15 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi va 1 BHM (375 ming soʻm) miqdorida jarima belgilandi.