Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur keng koʻlamli tadbir tashkilotchilari – Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligidir.
Oʻzbekiston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston va boshqa mamlakatlar hukumat va ishbilarmon doiralari delegatsiyalari qatnashayotgan ushbu tadbirning boshlanishigacha unda ishtirok etish uchun 5 mingdan ortiq kishi roʻyxatdan oʻtgan. Koʻrgazmaning umumiy maydoni 12,5 ming kvadrat metrni tashkil etib, unda dunyoning 20 mamlakatidan 300 dan ortiq kompaniyalar qatnashyapti. Koʻrgazma dasturi doirasida 15 ga yaqin keng qamrovli tadbirlar va 200 dan ortiq biznes-uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Koʻrgazma maqsadlari – xalqaro sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ilgʻor texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratish hamda turli mamlakatlardan kelgan ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini oʻrnatish.
Koʻrgazmaning asosiy boʻlimlari orasida transport va energetika, shaharlar uchun sanoat IT-texnologiyalari, tibbiy asbob-uskunalar va farmatsevtika, metallurgiya va polimer materiallar, shuningdek, yengil sanoat ham bor.
Tadbirning birinchi kunida “Jahon sanoat ishlab chiqarish sohasi oʻsish drayverlarini aniqlamoqda” mavzusida asosiy yalpi majlis boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari rahbarlari, yirik xorijiy kompaniyalar, biznes uyushmalari va ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining maʼruzalari tinglandi. Ishtirokchilar oʻz iqtisodiyotlari raqobatbardoshligini oshirish maqsadida ularni texnologik oʻzgartirishni ragʻbatlantirish maqsadida koʻp tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Shu nuqtayi nazardan, xalqaro sanoat munosabatlarini chuqurlashtirish va sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yaqin aloqalarning ahamiyati hamda mazkur jarayonlarda xususiy sektorning faol ishtirokini taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari oʻz soʻzida Respublikada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiyotni erkinlashtirishni jadallashtirish, tubdan yangi investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini jahon hamjamiyatiga yana-da integratsiyalashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilayotganini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda izchil sanoatlashtirish tendensiyasi kuzatilayotgani qayd etildi – oʻtgan 4 yil mobaynida respublika YAIMda sanoatning ulushi 26,6% dan 35,5% ga, ayrim tarmoqlarda esa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10 barobardan ziyod oshdi.
Yalpi majlisda “oʻsish nuqtalari” deb ataluvchi eng istiqbolli tarmoqlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ulardan foydalanish Yevroosiyo mintaqasida xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qoʻshma sanoat korxonalari sonini oshirishga sezilarli turtki beradi.
Yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan innovatsion ishlanmalar asosida yuqori texnologiyali qoʻshma korxonalar tashkil etishga qaratilgan 50 istiqbolli investitsiya loyihasi taqdimotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Yalpi majlis yakunida koviddan keyingi davrda sanoatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va istiqbolli mexanizmlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash yoʻllari, iqtisodiy oʻsish drayverlari sifatida sanoat innovatsiyalarini joriy etish imkoniyatlari, xususan, Oʻzbekistonning sheriklik va investitsiyalar uchun ochiq mamlakat sifatida uning investitsiyaviy va sanoat salohiyati haqida konstruktiv fikr almashildi.
Sessiya yakunida rasmiylar koʻrgazmani koʻzdan kechirdi. Unda delegatsiyalar rahbarlari Oʻzbekiston, Rossiya va boshqa mamlakatlarning yirik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazma stendlari bilan tanishish imkoniga ega boʻldi.
Bundan tashqari, biznes dasturi doirasida “Oʻzbekiston – Rossiya: sanoat sohasidagi muloqot” Hududlararo forumini oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, unda Oʻzbekiston va Rossiya hududiy maʼmuriyatlari, hududiy Savdo-sanoat palatalari va kompaniyalari rahbarlari hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qiladilar, istiqbolli investitsiya loyihalarini taqdim etadilar va xorijiy investorlar bilan tajriba almashadilar.
6 va 7-aprel kunlari ishtirokchi mamlakatlarning biznes va taʼlim doiralari ishtirokida “Raqamli ishlab chiqarish”, “Mashinasozlikda qoʻshma loyihalar”, “Oʻzbekistonda xalqaro ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish”, “Shaharlar uchun texnologiyalar”, “Energetikada innovatsiyalar”, “Koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish kontekstida YEOII farmatsevtika bozorini rivojlantirish” maxsus sessiyalar, mavzuli davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.