Maʼlumki, 2022-yil iyul oyidan eʼtiboran, Fransiyaning “Veolia” kompaniyasi oʻzining shoʻba korxonasi “Veolia Energy Tashkent” Toshkent issiqlik taʼminoti tizimining operatori boʻlib faoliyatini boshlagan edi. Uning vazifalariga issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalardan (“Toshkent issiqlik markazi” MCHJ, “Toshkent IEM” AJ) issiqlik energiyasini tashish va isteʼmolchilarga taqsimlash, shuningdek, kompaniyaga qarashli 218 ta mahalliy qozonxonada shahar issiqlik energiyasining 10 foizini ishlab chiqarish hamda poytaxt aholisiga yetkazib berish etib belgilangandi.
— Oʻtgan yilgidek, isitish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida ham asosiy eʼtiborni issiqlik tarmoqlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, nuqsonlarni bartaraf etish, xususan, magistral va tuman quvurlarining bosimga chidamliligini gidravlik sinovdan oʻtkazish yoʻli bilan tekshirdik, — deydi “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi vakili Laurinas Rarivanas. — Shundan kelib chiqib, tufayli issiqlik tarmoqlaridagi 4 mingdan ortiq nosozliklarni aniqlanib, bartaraf etildi.
Kompaniya tomonidan, shuningdek, texnik audit tadbirlari ham oʻtkazilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad issiqlik tarmoqlarining texnik holatini aniqlash, nuqsonlarni aniqroq koʻrsatib berish, mavjud issiqlik tarmoqlari sxemalari va ularning haqiqiy holati oʻrtasidagi nomuvofiqliklarni aniqlashdir.
Ayni paytgacha 1ming 500 kilometr issiqlik tarmoqlarining 600 kilometrdan ortigʻi koʻzdan kechirildi. Audit tadbirlar 2024-yilning mart oyigacha davom etadi.
Bundan tashqari, kompaniya tomonidan Bektemir (“Vodnik” qozonxonasi) va Sergeli (“Sanoatenergo” qozonxonasi) tumanlarida zamonaviy qozonxonalar qurishni boshladi. Qurilish yopiq issiqlik taʼminoti tizimiga oʻtish boʻyicha pilot loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yopiq isitish tizimi bilan suv toʻgʻridan-toʻgʻri issiqlik isteʼmoli joyida, aniqrogʻi obektning oʻzida isitiladi. Bu ochiq tizimda (issiqlik energiyasini qozonxonadan binoga tashishda) muqarrar ravishda yuzaga keladigan issiqlik energiyasini yoʻqotishning oldi olinadi.
Bugungi kunda ikkala qozonxonaning qurilishi yakunlanmoqda.
Umuman olganda, “Veolia Energy Tashkent” issiqlik taʼminoti faoliyati zamonaviy energiya tejamkor qozonxonalar qurish va energiya isteʼmolini optimallashtirish borasida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Natijada kelgusida, issiqlik taʼminoti tizimining umumiy samaradorligini 50 foizgacha oshiriladi. Issiqlikdagi yoʻqotishlar 13 foizga kamaytirilib, tabiiy gazni 45 foizgacha tejaladi. Issiqlik tarmoqlarining xizmat muddatiesa 30 yilgacha uzaytiriladi.
Maʼlumot uchun, Fransiyaning “Veolia” kompaniyasi oʻzining “Veolia Energy Tashkent” shoʻba korxonasi orqali poytaxtimizning issiqlik taʼminoti tizimini 2021-yil 29-sentyabrdagi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq 30 yil muddatga boshqaradi. Kompaniya 2022-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrining issiqlik taʼminoti tizimini boshqarib kelmoqda.