Missiya rahbari Antonio Nunez ekspertlar delegatsiyasining vazifasi sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda poytaxt transportini rivojlantirishga koʻmaklashish ekanini maʼlum qildi. Bu transport harakatini yaxshilaydigan, tirbandlikni kamaytiradigan va avtomashinalarning atrof-muhitga taʼsirini kamaytiradigan yechimlarni joriy etishni anglatadi. Missiya tajriba almashishni koʻzda tutadi — Toshkentdan tashqari, Olmaota, Bishkek va Nursultonni ham qisman qamrab oladi, demak qoʻshnilarning muvaffaqiyatli tajribasidan foydalanish mantiqan toʻgʻri boʻladi. Mutaxassislar shahardagi vaziyat bilan tanishishni boshladilar — ular jamoat transportida shahar boʻylab harakatlanib, uning transport harakatini oʻrganyaptilar.
Aleksey Xen mehmonlarni yaqin hamkorlikka chorladi. Rossiyalik urbanist Arkadiy Gershmanning tavsiyalarini inobatga olgan holda, Navoiy shoh koʻchasining bir qismi yaqinda oʻzgartirilgani, avtomobil transporti jadal rivojlanayotganligi sababli vujudga kelayotgan oqibatlar haqida gapirdi va bu masalada xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikka ishonch ortib borayotganini taʼkidladi.
Mehmonlarga “Raqamli Toshkent” loyihasi haqida maʼlumot berildi. Unda yoʻl-transport hodisalari boʻyicha maʼlumotlar bazalari, transport mavjudligi va haftaning soatlari va kunlari boʻyicha qatnovi haqidagi maʼlumotlar jamlangan.
Jahon banki ekspertlari atmosfera havosining ifloslanishi, shuningdek, hokimlik va Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” AK va Toshkent shahar Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik sxemasi haqidagi maʼlumotlarni soʻradi.

Mutaxassislar kelgusida oʻzaro hamkorlik qilish uchun maʼlumotlar soʻrovini shakllantirishlari va shahar hokimligi ularni tezkorlik bilan taqdim etishi haqida kelishib oldilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.