Bu haqda Toshkent viloyati IIBB maʼlum qildi.
Toshkent tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1985-yilda tugʻilgan ayol nazoratdagi xaridorga 750 ming soʻmga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 13 yoshli jiyani orqali yetkazib bergan paytda qoʻlga olindi.
Uning uyidan qiymati 20 million soʻm boʻlgan 162 dona dori topilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.
Davom ettirilgan tadbir natijasida, ushbu ayolni dorilar bilan taʼminlab kelgan ikki nafar shaxs ham 23 million soʻm evaziga 278 dona dori sotgan vaqtda ushlandi. Ularning avtomobili va uy-joyidan qoʻshimcha 67 dona preparat aniqlandi.
“Jinoyat zanjiri”ni toʻliq uzish maqsadida tadbir Fargʻona viloyatida davom ettirilib, Dangara va Qoʻqon shahrida yashovchi 4 nafar shaxs 44 million soʻmga 738 dona dori sotayotgan paytda qoʻlga olindi.
Umumiy hisobda, tezkor tadbirlar davomida 150 million soʻmlik 1 343 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi. Bu minglab fuqarolarning zararli dorilar taʼsiriga tushib qolishining oldini oldi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 6 nafar gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof muomala qilish 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.