Unda Belarus, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston adliya vazirlari ishtirok etadi.
Maʼlumot uchun: MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashining 2005-yil 26-avgustdagi qarori bilan adliya vazirliklari hamkorligini muvofiqlashtirish va taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.
Adliya vazirlari kengashining birinchi majlisi 2006-yil 12-aprelda Moskvada boʻlib oʻtgan. 2006-yildan 2023-yilgacha boʻlgan davrda Kengash tomonidan 17 ta yigʻilish oʻtkazilib, 100 dan ortiq qaror qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2019-yil 19-noyabrda Kengash aʼzoligiga kirdi, 2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashiga raislik qilib kelyapti.
16-oktyabrda Toshkentda MDH AVK majlisidan oldin ekspertlarning ishchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Yigʻilishda Belarus, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston adliya vazirliklari vakillari ishtirok etadi.
MDH AVKning 18-majlisi nafaqat qoʻshma tashabbuslarni muhokama qilish, balki milliy darajada qabul qilingan muvaffaqiyatli amaliyotlar va huquqiy yechimlar bilan oʻrtoqlashish imkoniyati sifatida qaralmoqda. Kun tartibida Hamdoʻstlik makonida huquqiy maʼrifat, jumladan, yoshlarni huquqiy tarbiyalash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati sifatini oshirish, MDHga aʼzo davlatlar adliya vazirliklari oʻrtasida axborot almashishning yagona elektron tizimini yaratish masalalarini qamrab olgan keng koʻlamli masalalar oʻrin olgan.
Bir qator muhim tashkiliy masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Xususan, Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Adliya vazirlari kengashidagi raisligi yakunlari sarhisob qilinadi, ilgari qabul qilingan qarorlar ijrosining borishi koʻrib chiqiladi. Shu bilan birga, Kengashning 10 ta qarori, MDHga aʼzo davlatlar Adliya vazirlari kengashining 2025-yilga moʻljallangan asosiy tadbirlar rejasini imzolash rejalashtirilgan.
MDH AVKning 18-majlisi yakunlari boʻyicha quyidagilar kutilmoqda:
- MDH adliya vazirliklarining 2024-yildagi oʻzaro hamkorligi tahlili;
- Kengash doirasida kelgusidagi hamkorlik uchun aniq istiqbolli takliflarni ishlab chiqish;
- 2025-yilda huquq va adliya sohasida amaliy ishlar va oʻzaro hamkorlikni belgilash.
Jumladan, axborot-huquqiy tizimlarni rivojlantirish va joriy etish, adliya tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, MDHga aʼzo davlatlar adliya vazirliklari oʻrtasida axborot almashishning yagona elektron tizimini yaratish masalalari ham shular jumlasidandir, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.