Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur holatni sodir etgan shaxs 1981 yilda tug‘ilgan, Shayxontohur tumanida doimiy yashaydigan, muqaddam Jinoyat kodeksining 276-moddasi bilan sudlangan, oilali, muayyan bir mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan fuqaro S.J. ekani aniqlanib, qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, fuqaro S.J. 2023-yilning 12-noyabr kuni Sergeli tumanidagi Yangi Sergeli ko‘chasida joylashgan ovqatlanish shaxobchasi oldida qo‘lidagi chiqindilarni shu yerda o‘rnatilgan maxsus chiqindi qutisiga tashlamay, piyodalar yo‘lagiga qasddan tashlagan.
Mazkur holatni ko‘rib qolgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi huquqbuzarlikni bartaraf etish maqsadida S.J. ga belgilanmagan joyga tashlangan chiqindilarni maxsus chiqindi qutisiga tashlash talabini qo‘yganida, fuqaro talablarni bajarishdan bosh tortib, xizmat vazifasini bajarayotgan harbiy xizmatchiga faol qarshilik ko‘rsatib, uni omma oldida obro‘sizlantirganligi va haqorat qilganligi uchun uning xatti-harakatlari yuzasidan qonuniy baho berish maqsadida to‘plangan hujjatlar Sergeli tuman prokuraturasiga yuborildi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.