Toshkentda niqob taqqan holda daraxt kesgan shaxslar 5 sutkaga qamaldi

    Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi maktab yonida 16-aprelga oʻtar kechasi nomaʼlum shaxslar tomonidan 1 tup safora daraxti davlat raqami boʻlmagan ekskavator yordamida ildizi bilan qoʻporib tashlangandi.

    Bosh prokuratura axborot xizmati huquqbuzarlarning shaxsi toʻliq aniqlanib, tegishli protsessual chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini maʼlum qilgan edi.

    Sud qaroriga koʻra, huquqbuzarlar D.E. va A.A. Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 183-moddasi va 79-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan. Aybdor D.E. ga 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi va 8 million 500 ming soʻm jarima jazosi tayinlangan. A.A.ga esa 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi va 17 million soʻm jarima belgilangan.