Toshkentda noqonuniy tashqi reklamalarni olib tashlash boʻyicha reyd oʻtkazildi

    Oʻtkazilgan reydlarda Mirobod tumanida 120 dan ortiq banner olib tashlandi. Shuningdek, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida ham demontaj ishlari olib borildi.

    Xususan, Mirobod hokimligi mutasaddilari ishtirokida bugun olib borilgan reyd tadbirlarida Nukus, Shahrisabz, Fargʻona yoʻli va boshqa qator koʻchalarda joylashgan koʻp qavatli uylarning fasad qismi, piyodalar yoʻlaklarida oʻrnatilgan 120 dan ortiq noqonuniy reklama va turli eʼlonlar bannerlari demontaj qilindi.

    Yakkasaroy tumanidagi reydda Bobur va Nukus koʻchalarida joylashgan 16 qavatli koʻp qavatli uyning fasad qismiga joylashtirilgan reklama banneri tegishli soha masʼullarining xulosasiga asosan bartaraf etildi.

    Chilonzor tumanida koʻchalar va katta yoʻllar chekkalariga oʻrnatilgan noqonuniy reklama bannerlarini bartaraf etish ishlari olib borildi. Xususan, tumanning Arnasoy koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uylarning oldi tomoniga osib qoʻyilgan noqonuniy reklama bannerlari olib tashlandi.

    Mirzo Ulugʻbek tumanida ham noqonuniy reklama bannerlarini demontaj qilish yuzasidan reydlar oʻtkazildi.

    2024-yilning iyulida Toshkent shahrida noqonuniy oʻrnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) majburiy tartibda demontaj qilinishi boʻyicha poytaxt hokimi qarori qabul qilingandi. Unga koʻra, noqonuniy oʻrnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlarini demontaj qilish ishlari 2024-yil 31-dekabrga qadar yakunlanadi.