Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Mudofaa, Tashqi ishlar vazirliklari, Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi, Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutasaddilari alohida shoʻbalarda aholi va tadbirkorlarning murojaatlarini tingladi. Har bir masala ochiq-oshkora, eng muhimi, yuzma-yuz muhokama qilinib, ularga qonuniy-adolatli yechim izlandi.

Ommaviy qabulda Oliy sud mutasaddilariga 137 nafar, Bosh prokuratura masʼullariga 91 nafar, Ichki ishlar vazirligiga 56 nafar murojaatchi oʻzlarining arizalari, shikoyatlari va takliflari bilan yuzlandi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mutasaddilari uchun yagona muloqot maydoni yaratib berilgani esa sud-huquq sohasidagi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq masalalarni hamjihatlikda oʻrganish imkonini berdi. Har bir soha boʻyicha tuman – shahar – respublika tizimidagi rahbarlarning bir stolda jam boʻlib, murojaatlarni tinglashi esa har bir masalaga samarali yechim topishning muhim omili boʻldi.
Ancha yil Toshkent moliya institutida huquqshunos boʻlib ishlagan Mirgʻani Akbarov noqonuniy ishdan boʻshatilganidan shikoyat qilmoqda. Uning murojaatini yaqinda Toshkent shahar prokuraturasi oʻrganib chiqqanida, bu fuqaroning chindan ham noqonuniy ishdan boʻshatilgani aniqlandi. Murojaatining oʻrganilish holatini bilishuchun ommaviy qabulga kelgan Mirgʻani Akbarovga uni noqonuniy ishdan boʻshatganlarga nisbatan jinoyat ishi ochilgani maʼlum qilindi. Shahar prokuraturasi masʼullari bu masalaga adolatli yechim topib, fuqaroning huquqlarini himoya qilish va tiklab berishni, qonuniy manfaatlari amalda taʼminlanishini qatʼiy nazoratga oldi.

Chirchiq shahrida yashovchi Shahnoza Qulfiddinovaning turmush oʻrtogʻi mayor Sherzod Umurov 2014-yili xizmatni oʻtayotgan vaqtida vafot etgan. 6 yildan beri farzandlarini yolgʻiz oʻzi ulgʻaytirayotgan bu ayol Mudofaa vazirligi masʼullaridan 17 yoshli oʻgʻli Rustamni muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun amaliy yordam soʻrab qabulga keldi. Vazirlik masʼullari bu ayolga oʻgʻlining ota kasbini munosib davom ettirishi uchun qonun doirasida barcha yordamnikoʻrsatishga vaʼda berdi.
Bekobodlik Oʻktam Hamroyev oilasini ham anchadan beri oʻylantirayotgan masalaga shu ommaviy qabulda yechim topildi. Gap shundaki, Oʻktam aka bu qabulda Mudofaa vazirligi masʼullariga oilaviy sharoitini tushuntirib, 2014-yildan beri shartnoma asosida Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat oʻtayotgan oʻgʻli Feruz Hamroyevning xizmat joyini uyiga yaqin harbiy qismlardan biriga koʻchirilishida amaliy yordam soʻradi. Bu murojaat hamtez orada hal qilib beriladigan, Oʻktam Hamroyevfarzandining xizmat joyi Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birigakoʻchiriladigan boʻldi.

Taʼkidlash joizki, sud-huquq sohasidagi ommaviy qabulda barcha masala, u sud yo prokuratura, ichki ishlar yoki adliya, soliq yoxud bojxona masalalari boʻlishidan qatʼi nazar, qoʻshimcha oʻrganish va tekshirishlarni talab qiladi. Yaʼni, sud adolatli yo adolatsiz qaror qabul qilgani, tergov ishlarida xato-kamchiliklar bor-yoʻqligini aniqlash, alhol nohaqdan haqni ajratib olib,adolatliqaror qabul qilish uchun, albatta, vaqt kerak.
Deylik, toshkentlik Ulugʻbek Ibragimov bir paytlar ichki ishlar tizimida ishlagan,soʻng, murojaatchining aytishicha, u noqonuniy ishdan boʻshatilgan. Ommaviy qabulda oʻzini ishga taklab berishlarini soʻragan Ulugʻbek Ibragimov ovning murojaatini qonuniy oʻrganib chiqish va adolatli hal qilishni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi oʻz nazoratiga oldi.
Poytaxtlik Temur Murodov ham qurilish korxonalaridan biridan noqonuniy ishdan boʻshatilganini aytib, prokuratura masʼullaridan qonuniy huquqlarini himoya qilish va tiklab berishda amaliy yordam soʻradi. Masʼullar bu murojaatni har tomonlama chuqur, qonuniy va xolis oʻrganib chiqib, adolatli yechim topib berish uchun oʻzlariga besh kun muddat belgilashdi.

Тадбиркор Гулсара Умирова раҳбарлигидаги қурилиш корхонаси Миробод туманидаги объектлардан бирида 130 млн. сўмлик қурилиш-таъмирлаш ишлариниамалга оширган бўлса-да, 2019 йил апрель ойидан буён 130 млн. сўмлик хизмат ҳақини ҳалигача ундира олмаётган экан.Мажбурий ижро бюроси масъуллари бу масалани ҳал қилиб берадиган бўлди.
Президент Халқ қабулхоналари Тошкент шаҳрида ташкил қилган ҳуқуқни муҳофаза қилувчи органлар раҳбарларининг оммавий қабулида 414 нафар мурожаатчининг 431 та масаласи кўриб чиқилди. Уларнинг 86 тасига жойида ечим топилган бўлса, 95 та мурожаат бўйича ҳуқуқий маслаҳат ва тушунтириш берилди, 250 та мурожаат бўйича эса аниқ муддат ва масъуллар белгиланиб назоратга олинди.
Пойтахтимиздаги оммавий қабуллар ҳафталиги давом этмоқда.