Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Pokiston Islom Respublikasi moliya vaziri Ishoq Dor hamraisligida boʻlib oʻtgan tadbirda, ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika sohasidagi hamkorlik va turizm yoʻnalishidagi oʻzaro munosabatlarning keng koʻlamli masalalari koʻrib chiqildi.

Ikki davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston va Pokiston munosabatlari ijobiy va barqaror rivojlanish dinamikasi bilan ajralib turgani va bu ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratayotgani taʼkidlandi.

Ikki mamlakat oʻrtasida investitsiyaviy va sanoat munosabatlari sohasida erishilgan salmoqli yutuqlar taʼkidlandi. Oʻzbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni soʻnggi 5 yilda 6 barobarga oshib, 207 taga yetdi. Farmatsevtika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida taʼriflandi. Tilga olingan sohalarning har birida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish uchun kichik guruhlar tuziladi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi, fan, texnologiya va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

Muzokaralarda oʻzaro savdoga alohida eʼtibor qaratildi. Uning hajmi 2022 yilda 32 foizga oshib, 239,5 million dollarni tashkil etdi. Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha aniq chora-tadbirlar tasdiqlandi. Shu oʻrinda, ikkala mamlakat hududlarida “Made in Uzbekistan” va “Made in Pakistan” sanoat mahsulotlari koʻrgazmalarini oʻtkazish, qoʻshma chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash, treyderlarni qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha amaliy yechimlar vositalarini joriy etishga kelishib olindi.

Yigʻilishda ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari oʻz soha va yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha istiqbolli rejalarni belgilab oldilar. Bildirilgan takliflar har tomonlama koʻrib chiqilib, ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish boʻyicha hamkorlik formati belgilab olindi.

Muhokamalar tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi yigʻilishning yakuniy bayonnomasini imzolash bilan yakunlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.