Toshkent shahridagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida “Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasida innovatsion yondashuvlarning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida MDH va Boltiqboʼyi davlatlari hamda Gruziya sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi assotsiatsiyalari rahbarlarining mintaqaviy forumi boʼlib oʼtdi. 

Konferensiyada sport tibbiyoti, psixologiyasi, reabilitatsiyasi, genetikasi, farmakologiyasi, fiziologiyasidagi dolzarb muammolar boʼyicha Rossiya Sport tibbiyoti va reabilitatsiyasi assotsiatsiyasi, mutaxassislari, Federal byudjet muassasasi, Federal ilmiy-klinik markazi hamda Federal tibbiy-biologik agentligining mutaxassislari oʼz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, amaliyotchi sport vrachlari, trenerlar, psixologlar, dietologlar, farmakologlar, fiziologlar va genetiklar ham mazkur tadbirga taklif etildi. Ozarboyjon, Ukraina, Belorus, Gruziya, Latviya, Qirgʼiziston, Qozogʼiston, Estoniya davlatlaridan tegishli soha mutaxassislari, mintaqaviy sport muassasalari, federatsiya va assotsiatsiyalar vakillari, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent farmakologiya instituti, Tibbiy xodimlarni kasbiy rivojlantirish markazi xodimlari uchun ushbu tadbir katta tajriba va poydevor vazifasini oʼtadi.

Konferentsiya dasturidan sport tibbiyoti sohasida hozirgi kun uchun muhim boʼlgan va yechimini kechiktirib boʼlmaydigan muammo va vazifalar, ularni hal etish masalalari, innovatsion metodlar boʼyicha olib borilayotgan izlanishlarni va ularning samaralari bilan bogʼliq fikr-mulohazalar oʼrin oldi. Bu esa shubhasizki, yuqori darajali sportchilar va sohani malakali mutaxassislar bilan toʼldirishda muhim ahamiyat kasb etadi.